O‘zbekiston tumanida irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari avj pallada
2025-12-16 17:00:00 / Новости

O‘zbekiston tumanida 2025-2026 yillarning kuz va qish oylarida 14,6 km uzunlikdagi xo‘jaliklararo sug‘orish tarmoqlarini hamda 715,87 km uzunlikda ichki sug‘orish tarmoqlarini tozalash tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, suv yo‘qotishlarini kamaytirish maqsadida mavsum davomida tuman bo‘yicha jami 19,6 km kanal va ariqlarni betonlashtirish maqsad qilingan.
Ayni kunlarda suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan mazkur irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari, ya'ni kanal va ariqlar hamda kollektor-drenajlarni tozalash, ta'mirlash, tiklash va betonlashtirish ishlari jadal davom etmoqda.
Ushbu tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida mavsum boshida tuman hokimligining tashabbusi va ko‘magida O‘zbekiston tumani suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasiga yangi ekskavator va beton qorgich maxsus texnikalari xarid qilindi.
Muassasa suvchi-miroblarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga mavsumiy issiq kiyim-boshlar va oyoq kiyimlari tarqatildi.
Tadbirlar doirasida hozirda “G‘aniobod” MMTP hududidagi ikki va undan ortiq suv iste'molchilariga, xususan fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatuvchi “Qo‘chqorali ota 3” arig‘ining rejadagi 2 ming 500 metr qismining qariyb 1000 metri shu kungacha betonlashtirildi va bu ishlar avj pallada.
“Paxtaqaynar” MMTP hududidagi iste'molchilarga suv yetkazib beruvchi beton kanalning 2 ming 500 metr qismi kuch vositalari va maxsus texnikalar yordamida tozalanmoqda.
Shuningdek, “O‘qchi” mahallasi hududidagi 280 gektar aholi tomorqalari hamda fermer xo‘jaliklari yer maydonlariga xizmat ko‘rsatuvchi "Chap qirg‘oq kanali"da joylashgan “Eski Yaypan arig‘i”ning 1 ming 500 metr qismida betonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Tuman hududida irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlarini rivojlantirish tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.






