O‘zbekiston tumanida Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni ko‘tarinki ruh va katta tantana bilan nishonlandi
2025-12-14 16:40:00 / Новости

An’anaga aylangan - “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” va hosil bayrami dekabr oyining ikkinchi yakshanbasida yurtimizda keng nishonlanadi.
Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston tumanidagi “Umid” tantanalar majmuasida tuman bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda rizq-ro‘zimizni yetishtiruvchi dehqonlar, fermerlar, pillakor va mexanizatorlar, qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari, mehnat faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.
Tuman hokimi Ravshanbek Begmatov soha xodimlarini bayram bilan muborakbod etib, joriy yilda erishilgan yutuqlar va oldinda turgan dolzarb vazifalar haqida to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, yil boshida qishloq xo‘jaligi sohasida yaxshi niyatlar bilan boshlangan amaliy harakatlar va xolis niyatlar o‘z ijobatini topib, elimiz dasturxoni, yurtimiz iqtisodiyoti uchun ulkan xirmonlar yaratildi. Xususan, bu yil tumanda dastlab 220 tonnadan ziyod pilla, 47,6 ming tonnadan ziyod g‘alla hamda 18,1 ming tonnadan ortiq paxta yetishtirildi. Barcha ko‘zlangan rejalar ortig‘i bilan uddalandi.
Hosil bayramida qishloq xo‘jaligi rivojiga hissa qo‘shgan bir guruh fidoyilarga "Ilg‘or fermer", "Namunali tomorqachi", "Mehnatkash dehqon" kabi ko‘krak nishonlari topshirildi. Shuningdek, mavsum davomida yuqori hosildorlikka erishgan ilg‘or fermerlar va soha vakillari tuman hokimligining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Bayram tantanasi badiiy jamoalarning chiqishlari va elimiz ardog‘idagi san’atkorlarning diltortar taronalari bilan davom etdi.






