O‘zbekiston tumanida professional ta’lim muassasalari o‘quvchilarini dual ta’limga jalb etish samaradorligi oshiriladi
2025-12-13 14:45:00 / Новости

Bugun O‘zbekiston tumani hokimi Ravshanbek Begmatov raisligida texnikumlar faoliyati va o‘quvchilarni dual ta’limga jalb etishni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Davlat xavfsizlik xizmati tuman bo‘limi rahbariyati, tuman hokimining o‘rinbosarlari, tumandagi texnikumlar direktorlari, ularning o‘quv ishlari, kasbiy ta’lim va yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, o‘qituvchi-murabbiylar, daxldor muassasalar vakillari hamda ishlab chiqaruvchi korxonalar rahbarlari ishtirok etdi.
Muloqotda asosiy e’tibor texnikumlarda ta’lim sifati va o‘quv-amaliy jarayonlarni takomillashtirish masalalariga qaratildi. Dual ta’lim tizimini keng joriy etish, o‘quvchilarning nazariy bilimini ishlab chiqarishdagi amaliyot bilan uyg‘unlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda mutasaddilarga korxonalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, ular huzuridagi o‘quv xonalaridan samarali foydalanish va amaliyot mashg‘ulotlarini malakali mutaxassislar ishtirokida tashkil etish vazifalari yuklatildi.
Mutaxassislarning mavzu yuzasidan fikr-mulohazalari, tadbirkorlarning esa turli mutaxassisliklar bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari takliflari tinglandi.
E’tiborlisi, bugunning o‘zida bir qator ishlab chiqarish korxonalari va texnikumlar o‘rtasida o‘quvchilarni o‘z yo‘nalishlariga mos tarzda mehnat qilish va malakasini oshirish yuzasidan tegishli shartnomalar tuzildi.






