O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining rasmiy veb-sayti MY.SUD.UZ –sud xizmatlaridan foydalanishning innovatsion, ishonchli va qulay yo’li!
2026-11-11 18:15:00 / Новости

Ayniqsa, sudlarga murojaat qilish jarayonini soddalashtirish, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish va protsessual hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish imkoniyatini yaratish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan joriy etilgan MY.SUD.UZ — Sud organlarining interaktiv xizmatlar portali fuqarolar, tadbirkorlar va yuridik shaxslarga sudlarga masofadan turib elektron murojaat qilish imkoniyatini taqdim etmoqda.
Mazkur portal orqali fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari sud binosiga bormasdan, internet orqali da’vo arizalari, arizalar, shikoyatlar, iltimosnomalar va boshqa protsessual hujjatlarni elektron shaklda yuborishlari mumkin.
Buning uchun my.sud.uz veb-saytiga kirib, «Shaxsiy kabinet» xizmati orqali ro‘yxatdan o‘tish va tegishli sudni tanlash lozim. So‘ngra murojaat turi belgilanib, zarur ma’lumotlar kiritiladi va tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda elektron tarzda yuboriladi.
Murojaat yuborilgandan keyin uning holati va ko‘rib chiqilish jarayonini shaxsiy kabinet orqali kuzatib borish mumkin.
Elektron murojaat tizimining asosiy afzalliklari quyidagilardan iborat:
sudga murojaat qilish uchun vaqt va mablag‘ tejaladi;
sud binosiga shaxsan borish zarurati kamayadi;
hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish imkoniyati yaratiladi;
murojaat holatini masofadan turib kuzatish mumkin;
hududiy masofa bilan bog‘liq qiyinchiliklar kamayadi.
Ayniqsa, iqtisodiy nizolar bo‘yicha tadbirkorlik subyektlari uchun ushbu xizmat muhim ahamiyatga ega. Jumladan, kredit, oldi-sotdi, yetkazib berish, ijara va pudrat shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar yuzasidan iqtisodiy sudlarga elektron shaklda murojaat qilish mumkin.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, murojaatning elektron shaklda yuborilishi uning avtomatik ravishda sud ish yurituviga qabul qilinishini anglatmaydi. Murojaat sud tomonidan protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Sudlarga elektron murojaat yuborish tizimi odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sud xizmatlarini aholiga yanada yaqinlashtirish va sud organlari faoliyatida raqamli texnologiyalarni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Mazkur tizim fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudlarga masofadan turib murojaat qilish, zarur hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish hamda murojaatning ko‘rib chiqilish jarayonini kuzatish imkonini bermoqda.
Shu bois barcha fuqarolar, tadbirkorlar, advokatlar va yuridik xizmat vakillarini MY.SUD.UZ portalining imkoniyatlaridan keng foydalanishga chaqiramiz.
Unutmang: endilikda sudga murojaat qilish uchun uzoq masofani bosib o‘tish shart emas — elektron murojaat orqali huquqlaringizni himoya qilish yo‘lida dastlabki qadamni masofadan turib qo‘yishingiz mumkin!
Guliston tumanlararo iqtisodiy
sudining Tizimni boshqarish va
hizmat ko‘rsatish muhandisi Xurshidjon Nazarov
