Xitoy kompaniyasi bilan kelishuvga erishildi
2026-04-11 11:55:00 / Новости

Xitoy kompaniyasi bilan kelishuvga erishildi
Xovos tumanida investisiyaviy jozibadorlikni oshirish va sanoat salohiyatini yanada rivojlantirish borasida amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Bugun Xovos tumani hokimi Qomus Yuldashev Xitoy Xalq Respublikasining “Huaxi Building Materials Chengdu Co., Ltd” hamda “Hangzhou Lian Innovative Materials Technology Co., Ltd.” korxonalari rahbarlari bilan muzokaralar olib bordi.
Dastlab, investorlar Xovos tumanidagi mavjud infratuzilma, ishlab chiqarish imkoniyatlari va investisiya kiritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, hududda qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘rtasida “Qurilish mahsulotlari” ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi. Ushbu loyiha tuman sanoatini yangi bosqichga olib chiqishi, mahalliy bozorni sifatli qurilish materiallari bilan ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eng muhimi, kelgusida mazkur loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 20 million dollardan ortiq xorijiy investisiya jalb etilishi, shuningdek, 200 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilmoqda. Bu esa aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish va hudud iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda muhim omil bo‘ladi.
