Xotin-qizlarni tayziq va zo‘rovonlikdan himoya qilish asoslari
2025-11-24 22:00:00 / Новости
Xotin-qizlarni tayziq va zo‘rovonlikdan himoya qilish asoslari.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida fuqarolarning bir qator asosiy huquq va majburiyatlari, xususan xech kimning qiynoqqa solinishi, zo‘rovonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tayziqqa duchor etilishi mumkin emasligi, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqligini, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburligi belgilab qo‘yilgan.
Inson huquqlarini ta’minlashning muhim ko‘rsatkichlaridan ya’na biri xotin-qizlarning gender tengligini va ularni har qanday tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishdir. Mustaqillik yillarida bu borada qator sa’y-harakatlar amalga oshirildi, Prezident va xukumat tomonidan ayellar huquqini himoya qilish, xotin-kizlar mehnatini qadrlash borasida bir qancha karorlar va farmonlar e’lon qilindi. Ayniqsa 2019 yil 2 sentabrda O‘zbekiston Respublikasining xotin qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi bu borada amalga oshirilgan eng katta huquqiy kafolatni yaratibgina qolmasdan, ayollar gender tengligi masalasida katta ijobiy natijalarga erishishi va jamiyatda ularning o‘rnini yanada mustahkamlashga olib keldi.
Zo‘ravonlik jamiyatdagi eng yomon illat sifatida insonlar o‘rtasidagi tenglikni, erkinlikni yo‘qqa chiqaradi. Qaramlik, qullik, boshqalar ustidan hukm yuritish, ularni tahqirlash va kamsitishga olib keladi
Tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamkorligini ta’minlash zarur.
Buning uchun xar bir fuqaro tayziq va zo‘rovonlik tushunchasi nima ekanligini va Qonunda bu jinoyatlarga qanday ta’rif berilganligi, uning huquqiy oqibatlari nimaga olib kelishi mumkinligini bilishi shart.
O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi.
jinsiy zo‘ravonlik — xotin-qizlarga nisbatan ularning roziligisiz shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish orqali jinsiy daxlsizlikka va jinsiy erkinlikka tajovuz qiladigan zo‘ravonlik shakli, shuningdek zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan tahdid qilish yoxud ayol jinsidagi voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan axloqsiz harakatlar sodir etish orqali uchinchi shaxs bilan jinsiy aloqa qilishga majburlash;
jismoniy zo‘ravonlik — xotin-qizlarga nisbatan og‘irligi turli darajada bo‘lgan tan jarohatlari yetkazish, xavf ostida qoldirish, hayoti xavf ostida qolgan shaxsga yordam ko‘rsatmaslik, zo‘ravonlik xususiyatiga ega boshqa huquqbuzarliklar sodir etish, jismoniy ta’sir o‘tkazish yoki bunday ta’sir o‘tkazishning o‘zga choralarini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali xotin-qizlarning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan zo‘ravonlik shakli;
zo‘ravonlik — xotin-qizlarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy ta’sir o‘tkazish yoki bunday ta’sir o‘tkazish choralarini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ularning hayoti, sog‘lig‘i, jinsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati va qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari hamda erkinliklariga tajovuz qiladigan g‘ayrihuquqiy harakat (harakatsizlik);
iqtisodiy zo‘ravonlik — xotin-qizlarga nisbatan turmushda, ish joylarida va boshqa joylarda amalga oshirilgan zo‘ravonlik shakli, xotin-qizlarning normal yashash va kamol topish uchun oziq-ovqat, uy-joy hamda boshqa zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlanishga bo‘lgan huquqini, mulk huquqini, ta’lim olish hamda mehnatga oid huquqini amalga oshirishni cheklashga olib keladigan harakat (harakatsizlik);
ish joyi — o‘zi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq mehnat majburiyatlarini amalga oshirish yoki xizmat vazifalarini bajarish uchun bo‘lishi yoki borishi lozim bo‘lgan, ish beruvchi tomonidan bevosita yoki bilvosita nazorat qilinadigan joy;
ruhiy zo‘ravonlik — xotin-qizlarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish, tahdid qilish, ularning sha’nini, qadr-qimmatini kamsitish, shuningdek ularning xohish-irodasini cheklashga qaratilgan boshqa harakatlarda ifodalanadigan zo‘ravonlik shakli, shu jumladan reproduktiv sohada nazorat qilish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchida o‘z xavfsizligi uchun xavotir uyg‘otgan, o‘zini himoya qila olmaslikka olib kelgan yoki ruhiy sog‘lig‘iga zarar yetkazgan harakat (harakatsizlik); tazyiq — sodir etilganligi uchun ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik nazarda tutilmagan, xotin-qizlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakat (harakatsizlik), shilqimlik;
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi — o‘ziga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilishi tahdidi ostida bo‘lgan yoki tazyiq va zo‘ravonlik natijasida jabrlangan ayol jinsidagi shaxs;
tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish — xotin-qizlarning hayoti, sog‘lig‘i uchun paydo bo‘lgan xavfni bartaraf etish, tezkor chora-tadbirlarni talab qiladigan hayotiy vaziyatlar yuz berganda xotin-qizlarning xavfsizligini ta’minlash, shuningdek jabrlanuvchiga nisbatan tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning takroran g‘ayriqonuniy xatti-harakatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadidagi iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, tashkiliy, psixologik va boshqa tusdagi kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlar tizimi;
tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish — xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etishga olib keladigan sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etishga, jamiyatda xotin-qizlarning zo‘ravonlikdan xoli bo‘lish huquqlaridan xabardorligini oshirishga qaratilgan iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va boshqa chora-tadbirlar tizimi;
himoya orderi — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ushbu Qonunda belgilangan ta’sir ko‘rsatish choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladigan hujjat.
Mazkur Qonunda belgilangan asosiy normalarni to‘liq ishlashi, davlat organlari va mahalla faollarining bu borada qanday faoliyat olib borishiga ham bog‘liqdir. Chunki mahalla bu oila bilan jamiyatni bog‘lovchi asosiy ko‘prik bo‘lib, oila tarbiyasi, oiladagi muhitni shakllantirishda muhim tarbiyaviy institutdir.
Shuning uchun mahalla faollari, nafaqadagi ota-onalar bu borada befarq bo‘lmasligi, yoshlar yetakchilari, ayollar qo‘mitalari bilan hamkorlikda o‘z mahallasidagi oilalardagi muhitni tahlil qilib borishi, ayollarga nisbatan biron bir kamsituvchi xolatlar sodir etiladigan bo‘lsa, tushuntirish ishlarini olib borishi, ayollarga nisbatan tayziq va zo‘ravonlik sodir bo‘lishini oldini olishda o‘z fuqarolik burchini bajarishi lozim.
Ayol birinchi navbatda u onadir. Agar ayol hayotda ham jismonan, ham ma’nan sog‘lom bo‘lsa demak, jamiyat sog‘lom bo‘ladi. Chunki, kelajakning mevasi bo‘lmish farzandlar onalar sababli dunyoga keladilar. Shunday ekan, kelajak avlodning komil insonlar bo‘lishi bugungi kunda ayollarning barkamol bo‘lishlariga har jihatdan bog‘liqdir.
“Millatning kelajagi onalar qo‘lida” degan fransuz yozuvchisi Onore de Balzak. Shuning uchun ham yurtimizda sog‘lom oila muhitini yaratish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, xotin-kizlar huquqini himoya qilish, ularning mehnatini qadrlash, ularni turli xil zurovonliklardan himoya qilish, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida juda ko‘plab xayrli ishlar bajarilmoqda.
Ayollarga ko‘rsatish lozim bo‘lgan oliy hurmat namunasi “Jannat - onalar oyog‘i ostidadir” kabi so‘zlar faqat quruq so‘z bo‘lib qolmasdan, xar bir o‘zbek oilasida o‘zining yuksak e’tirofini topishini ta’minlashga erishishimiz lozim.
Sirdaryo viloyat sudi sudyasi A.Suvonqulov
