“Hokim olimpiadasi” musobaqalari yakunlandi 🏆
2026-04-09 19:15:00 / Новости
Qoʻshtepa tumanida 24-martdan 6-aprelga qadar sportning 13 ta turi boʻyicha oʻtkazilgan “Hokim olimpiadasi” musobaqalari yakuniga yetdi.
Mazkur musobaqalar doirasida voleybol, qoʻl toʻpi, basketbol, badminton, badiiy gimnastika, yengil atletika, erkin kurash, taekvondo, stol tennisi, boks, dzyudo, ayollar kurashi hamda yunon-rum kurashi boʻyicha bellashuvlar tashkil etildi.
Musobaqalarning yopilish va taqdirlash marosimida tuman hokimi A.Abdullayev ishtirok etib, barcha qatnashchilarni samimiy tabrikladi. Taʼkidlanganidek, ushbu sport tadbirlari yoshlarni sogʻlom turmush tarziga yoʻnaltirish, ularning jismoniy va maʼnaviy kamolotini taʼminlash hamda iqtidorli sportchilarni saralab olishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bellashuvlar davomida ishtirokchilarning yuqori tayyorgarligi, gʻalabaga boʻlgan intilishi va sportga boʻlgan qiziqishi alohida eʼtirof etildi. Shuningdek, musobaqalar maydonlarida doʻstlik, hamjihatlik va halol kurash muhiti ustuvor boʻldi.
Tadbir yakunida musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etishda munosib hissa qoʻshgan murabbiylar, hakamlar va tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirildi. Gʻolib va sovrindorlar tantanali ravishda taqdirlandi.






