Beshbuloqda barcha ichki yo‘llar ravon va zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi
2025-07-05 11:00:00 / Новости

“Tashabbusli budjet” loyihasi fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirish, mahalliy muammolarga tezkor va samarali yechim topish yo‘lida muhim vositaga aylanmoqda.
Xususan, Guliston tumani “Beshbuloq” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolarning tashabbusi bilan “Soxibkor”, “Gʻazna”, “Oʻrikzor”, “Shodlik”, “Koinot” hamda “Mevazor” ko‘chalarini qamrab olgan jami 2 ming 152 metr ichki yo‘llarni ta’mirlash loyihasi “Tashabbusli budjet” dasturining 1-mavsumida g‘olib deb topildi.
Mazkur loyiha “Shaffof qurilish” elektron platformasi orqali tender savdosiga chiqarilib, natijada “Kamoliddin Fayz Baraka” MCHJ tomonidan yutib olinib, korxonaning malakali yo‘lsozlari tomonidan sifatli asfalt qoplamasi yotqizildi.
Uzoq yillar davomida e’tibordan chetda qolgan, nosoz va chang-to‘zon ichida qolgan ushbu ko‘chalarni obod qilish tashabbusi 2 ming 842 nafar fuqaro tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va ushbu keng jamoatchilik ovozi loyiha g‘alabasini ta’minladi.
Budjetdan ajratilgan qariyb 1,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga amalga oshirilgan ta’mirlash va bunyodkorlik ishlari natijasida mahalla ichki yo‘llari zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lib, fuqarolar uchun harakatlanish ancha qulay, xavfsiz va ravon bo‘ldi.
Bugun “Beshbuloq” mahallasi nafaqat obod yo‘llari bilan, balki faol fuqarolari bilan ham ajralib turibdi. Tashabbusli budjet doirasida barcha ichki yo‘llar asfalt qilinib, aholining ko‘p yillik orzusi ro‘yobga chiqdi.






