#Press_tur "Dolzarb 90 kun" loyihasi doirasida 8-sonli umumta'lim maktabida press-tur tashkil etildi
2025-07-03 15:35:00 / Пресс-конференции

Guliston tumanida yoshlarning yozgi taʼtil davrini mazmunli va samarali o‘tkazish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan "Dolzarb 90 kun" loyihasi doirasida turli tadbirlar tashkil etilmoqda.
Shu munosabat bilan bugun tuman hokimi Olimjon Jurayev boshchiligida OAV vakillari ishtirokida “Birlashgan” mahallasidagi 8-sonli umumtaʼlim maktabida press-tur tashkil etildi. Tadbir davomida press-tur ishtirokchilari maktabda faoliyat olib borayotgan 11 ta to‘garak jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Ular orasida sport, yosh kitobxonlar, kibersport, matematika va ingliz tili to‘garaklari alohida qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, hamkor tashkilotlar – tuman madaniyat markazi tomonidan “Dehqon bolalari” jamoasi, bolalar sport maktabi tomonidan esa voleybol, futbol va qo‘l to‘pi kabi sport yo‘nalishidagi mashg‘ulotlar reja asosida tashkil etilgan. Hozirgi kunga kelib, “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida maktabga 280 nafar o‘quvchi muntazam jalb qilingan bo‘lib, bu yoshlarning ijtimoiy faolligi va ijodiy salohiyatini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Press-tur so‘nggida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Suhbat chog‘ida mas’ullar barcha savollarga ochiq, aniq va asosli javoblar berib, loyiha doirasidagi faoliyatning dolzarbligi va amaliy natijalari haqida atroflicha ma’lumot taqdim etdilar.









