Sirdaryoda ekoturizmning yangi bosqichi: Daryo bo‘yida zamonaviy turizm zonalari barpo etiladi
2025-07-02 10:30:00 / Новости

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-martdagi “Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-93-sonli qarori ijrosi doirasida Guliston va Sirdaryo tumanlari orqali o‘tuvchi Sirdaryo daryosi bo‘yida ulkan turizm loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mazkur qarorning 13-ilovasi, 18.2-bandiga muvofiq, daryo bo‘yidagi maqbul hududlarda ekoparklar, piknik zonalari, chodirli va o‘tovli lagerlar, baliq ovlash maskanlari, qayiqda suzish va suv sayohati xizmatlari, shuningdek baliq mahsulotlari va baliq taomlari savdosi kabi umumiy ovqatlanish va boshqa turizm xizmatlarini tashkil etishga doir master rejalarni ishlab chiqish topshirig‘i berilgan.
Xususan, shu asosda Sirdaryo viloyatida zamonaviy urbanistik yondashuvlar asosida infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslar boshlangan. Jumladan, viloyat hokimligi huzuridagi Loyiha ofisi, Arxitektura va qurilish boshqarmasi hamda Guliston tumani hokimligi vakillari ishtirokida Malayziyaning nufuzli “APUDG SDN BHD” kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Muzokaralar yakunida Guliston tumanining Sirdaryo daryosi bo‘yida ekoturizm infratuzilmasini barpo etishga oid master rejalarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Loyiha doirasida hudud ekologik muvozanatni saqlagan holda sayyohlar uchun jozibador va funksional zonalarga bo‘linadi.
Ushbu xalqaro hamkorlik daryo bo‘yida innovatsion yondashuv asosidagi xizmatlarni tashkil etish va xalqaro tajribani mahalliy sharoitga moslashtirish imkonini beradi. Pilot loyihalarning bosqichma-bosqich joriy etilishi Guliston tumanining barqaror va jadal rivojlanishiga kuchli turtki bo‘lishi kutilmoqda. Natijada aholiga ekologik toza, zamonaviy xizmatlarga ega, estetik muhitda dam olish imkonini beruvchi yangi turizm markazlari yaratiladi.
Loyihaning keyingi bosqichlari haqida ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikka muntazam ravishda ma’lumot berib boriladi.






