Guliston tumani hokimi yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
2025-06-28 10:00:00 / Новости

Guliston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jurayev tuman markazi “Yoshlar bog‘i”da 30 iyun "Yoshlar kuni” munosabati bilan yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi. Tadbirda masʼul tashkilotlar rahbarlari hamda 50 nafardan ziyod yoshlar ishtirok etishdi.
Yuzma-yuz uchrashuvda yoshlar o‘z orzu-intilishlari, muammolari va takliflarini bemalol bayon qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Tuman hokimi yoshlarga davlat tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyatlar, qo‘llab-quvvatlash dasturlari va mavjud shart-sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Muloqot davomida yoshlar tomonidan qator takliflar ilgari surildi. Xususan, o‘z tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, yaʼni chorvachilik faoliyati uchun bo‘sh yer maydoni olishda amaliy yordam, bir guruh o‘qishni aʼlo baholarga bitirgan o‘quvchi yoshlarni Samarqand shahriga sayohat tashkil etish va yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatish kabi tashabbuslar bildirildi.
Muloqotda bildirilgan har bir taklif va murojaatlar nazoratga olinib masʼullarga qaratildi. Ijrosi yuzasidan muddatlar belgilandi. Samimiy ruhda kechgan ushbu muloqot yoshlarda katta umid va ishonch uyg‘otdi, ularni kelajak sari yana-da dadil qadam tashlashga ilhomlantirdi.









