Investitsiya salohiyatiga yo‘l ochuvchi muhim uchrashuv o'tkazildi
2025-05-23 22:00:00 / Новости

Joriy yilning 23-may kuni Guliston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jurayev Afg‘oniston Respublikasidan tashrif buyurgan investorlar — Mirzad Mir Ahmad Zaheen va Mir Nasir Ahmad Mirzadlarni qabul qildi. Ochiq va samimiy ruhda kechgan muloqot davomida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ayniqsa, investitsiya sohasidagi istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalarini muhokama qilishdi.
Uchrashuv chog‘ida afg‘onistonlik investorlar Guliston tumanida ko‘p qavatli zamonaviy uy-joylar barpo etish, shuningdek, ichimlik suvini qadoqlash bo‘yicha syexlar tashkil etishga oid aniq takliflarini ilgari surishdi. Tuman hokimi tomonidan bu tashabbuslar yuqori baholanib, loyihalarni amalga oshirish uchun zarur infratuzilma va yer maydonlari bilan tanishtirildi.
Xususan, “A.Yassaviy” mahallasi hududida rejalashtirilayotgan ko‘p qavatli uy-joy qurilishi maydonlari hamda “Ahillik” mahallasidagi kichik sanoat zonasi faoliyati va uning imkoniyatlari mehmonlarga ko'rsatildi. Ushbu zonada istiqbolli ishlab chiqarish quvvatlari va investorlar uchun yaratilgan sharoitlar alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, investorlar Guliston tumanining turizm salohiyatini ham chuqur o‘rganib chiqish istagini bildirishdi. Ular ushbu yo‘nalishda ham bir qator loyihalarni ilgari surish niyatida ekanliklarini ma’lum qilishdi.
Dastlabki kelishuvlarga ko‘ra, investorlar 5 mln AQSH dollarlik loyiha ko‘p qavatli uylarga ulushdor sifatida kirish, shuningdek, kichik sanoat zonasidan 0,96 gektar yer maydonini auksion orqali xarid qilib, zamonaviy texnologiyalar asosida ichimlik suvini qadoqlash sexlarini barpo etib va buning uchun zarur uskunalarni xorijdan olib kelish rejalashtirilgan.






