Bag‘dodda yirik infratuzilma loyihasiga start berildi
2026-05-04 11:45:00 / Новости

Bag‘dodda yirik infratuzilma loyihasiga start berildi
Ko‘priklar transport infratuzilmasining strategik ahamiyatga ega bo‘g‘ini hisoblanadi. Bag‘dod tumani hududidan o‘tuvchi D-105 “Farg‘ona halqa yo‘li”ning 275-kilometrida joylashgan yo‘l o‘tkazgich 1975 yilda barpo etilgan bo‘lib, bugungi kunda zamonaviy transport oqimi talablariga to‘liq javob bermay qolgan.
Mazkur ko‘prik “Muqimiy” va “Bekobod” mahallalari hududini bog‘lab turadi. Uning kengligi hozirda 13 metrni tashkil etib, har kuni o‘rtacha 14 mingga yaqin transport vositasi harakatlanadi. Bu esa o‘tkazuvchanlik va harakat xavfsizligi masalasini yanada dolzarblashtirmoqda.
Bugun ko‘prik hududida rekonstruksiya ishlariga start berish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda respublika, viloyat va tuman darajasidagi mutasaddilar ishtirok etdi. Tadbirni Bag‘dod tumani hokimi Maqsadjon Qosimjonovich ochib berib, ushbu loyiha amalga oshirilishi natijasida yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati ikki barobarga oshishi, transport harakati xavfsizligi ta’minlanishi hamda aholi uchun qulayliklar kengayishini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuxrat Nazarov, Farg‘ona viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Xasanboy Ketmonov, Farg‘ona mintaqaviy yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi direktori Oybek Nazirov ishtirok etib, hududda amalga oshirilayotgan infratuzilmaviy islohotlarda aholi fikri muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Loyihaga ko‘ra, ko‘prik kengligi 26 metrga yetkazilib, uning o‘tkazuvchanlik imkoniyati qariyb ikki barobarga oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun 43 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan. Qurilish ishlari “Romitan trans yo‘l qurilish” MCHJ tomonidan amalga oshirilib, jarayonda zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash va infratuzilmani kompleks takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbir yakunida tuman bosh imom-xatibi Sohibjon Ahmedov tomonidan duolar qilindi. Mutaxassislar fikricha, mazkur loyiha amalga oshirilishi hududning transport-logistika salohiyatini oshirish, harakat xavfsizligini ta’minlash va aholi turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiladi.









