2024-yilda amalga oshirilgan muhim tadbirlar va Ramazon oyiga tayyorgarlik ko‘rish hamda munosib o‘tkazish yuzasidan
2025-02-28 16:05:00 / Brifing

2024-yilda diniy-ma’rifiy sohada salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan Davlat dasturida belgilangan vazifalar, shuningdek sohaga doir ishlab chiqilgan yillik reja va dasturlar ijrosi to‘liq bajarildi.
O‘tgan yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Anjumanda O‘zbekiston va 22 ta xorijiy davlatdan 200 nafardan ortiq diniy soha xodimlari ishtirok etdi.
16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlab 11-16 noyabr kunlari Toshkent shahrida va respublikaning barcha hududlarida Bag‘rikenglik haftaligi doirasida bir qator madaniy-ma’rifiy
va ilmiy-amaliy tadbirlar yuqori saviyada tashkil etildi.
Haftalik doirasida 132 nafar davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi.
Tizim tashkilotlari bilan hamkorlikda mutaassiblik, radikal g‘oyalar va ekstremizm ruhidagi axborotlarga qarshi 10 171 ta (4 664 ta video, 3 954 ta maqola, 900 ta audio, 653 ta infografika) raddiya mazmunidagi materiallar tayyorlanib, tarqatildi.
Malaka oshirish markazi va uning filiallarida 2 676 nafar davlat va jamoat tashkilotlari rahbar-xodimlarining malakasi oshirildi.
Bugungi kunda respublika bo‘yicha 2 145 ta masjid faoliyat yuritmoqda, 2024 yilda 14 ta yangi masjid davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, 64 ta masjidda tubdan qayta qurish hamda 17 ta masjidda ta’mirlash ishlari yakunlandi.
Ayni paytda respublikamizda 198 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. 2024 yilda Jizzax viloyatida 1 ta yangi diniy tashkilot – Yevangel xristianlari cherkovi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Hisobot davrida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda tizim tashkilotlari vakillari, o‘zbekistonlik islomshunos olimlar va tadqiqotchilarning 486 ta diniy-ma’rifiy sohaga oid xalqaro tadbirlardagi ishtiroki ta’minlandi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyatining 12 ta xorijiy hamkorlar bilan qator uchrashuvlari tashkil qilindi.
Ularda respublikamizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarish va islohotlar hamda o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
2024-yilgi Haj mavsumi va Umra ziyorati yuqori saviyada tashkil etildi. Xususan, 15 150 nafar ziyoratchi Haj amalini bajardi.
2024-yilda Qo‘mitaga kelib tushgan 1 477 ta murojaatdan 1 108 tasiga huquqiy ma’lumot berildi, 298 tasi ijobiy hal qilindi, 36 tasi (diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlarda ko‘rsatilgan kamchiliklar sabab) rad etildi, 19 ta murojaat tegishliligi bo‘yicha vakolatli davlat organlariga yo‘naltirildi.
Kezi kelganda, ta’kidlash lozimki, joriy yildagi Ramazon oyiga tayyorgarlik ko‘rish hamda munosib o‘tkazish yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirildi.
2025-yil 6 va 10-fevral kunlari O‘zbekiston va Kavkaz musulmonlari idoralari, Qozog‘iston va Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmalari, Turkiyaning Diyonat boshqarmasi Fatvo hay’atlari mas’ullari hamda Turkiy davlatlar tashkiloti vakili ishtirokida onlayn yig‘ilishlar tashkil etildi. Yig‘ilishlarda 2025-yilda Ramazon oyining boshlanishi va Ramazon hayitining birinchi kunini aniqlash masalalari muhokama qilindi.
Fatvo hay’atlari a’zolari Ramazon oyining birinchi kuni 1 mart, shanba kuniga to‘g‘ri kelishi bo‘yicha bir ovozdan yakdil xulosa qildilar.
Joriy Ramazon oyida Respublikada faoliyat yuritayotgan 2145 ta masjiddan 1 743 tasida xatmi Qur’on tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Kuni kecha, 27-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida qarori” qabul qilindi.
Mazkur qarorga muvofiq, ushbu fazilatli oyda “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” g‘oyasi asosida:
- ehtiyojmandlar hamda ilm-ma’rifat yo‘lida izlanayotgan yoshlarga yordam berish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga;
- oilaviy rishtalarni mustahkamlash, mahallalarda o‘zaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish hamda hurmat va mehr-oqibat qadriyatlarini tarannum etishga;
- atrof-muhitni asrash, muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirish, ko‘chatlar ekishga hamda Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarda me’yorga amal qilish va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka alohida e’tibor qaratish vazifalari belgilandi.
Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish, yurtimiz mo‘min-musulmonlariga har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratish hamda imom-xatiblar mas’uliyatini yanada oshirish bo‘yicha Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasining qo‘shma dasturi hamda Media reja ishlab chiqildi.
Hududlarda ichki ishlar, yong‘in xavfsizligi va sog‘liqni saqlash idoralari bilan hamkorlikda masjid binosi va hududini yong‘in xavfsizligi, evakuatsiya rejasi, elektr, gaz jihozlarining texnika xavfsizligi qoidalariga, sanitariya-gigiena talablariga javob berishi o‘rganildi hamda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.
Diniy-ma’rifiy sohadagi faoliyat joriy yil davomida ham belgilangan reja asosida, tizimli ravishda amalga oshirilishi belgilangan.