“Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishonini topshirish marosimi bo'lib o'tdi
2024-11-15 14:30:00 / Yangiliklar
Tadbirga turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari va diniy konfessiya vakillari, milliy madaniy markazlar faollari, yurtimizda millatlararo doʻstlik va diniy bagʻrikenglik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshayotgan hamyurtlarimiz hamda OAV vakillari taklif etildi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev yuksak mukofotga sazovor boʻlganlarni samimiy muborakbod etib, bugun yurtimiz ravnaqi yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan hamyurtlarimizga katta muvaffaqiyatlar tiladi va yuksak mukofotlarni oʻz egalariga topshirdi.
Maʼlumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-sentabrdagi “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, ushbu koʻkrak-nishoni bilan diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni targʻib etish, fuqarolar eʼtiqod erkinligini taʼminlash, dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash va maʼnaviy muhit barqarorligini saqlashdagi ibratli ishlari uchun yetuk ulamolar, atoqli arboblar, diniy soha rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy olimlar taqdirlanishi belgilangan.
Ushbu tantanali tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar natijasida fuqarolarning vijdon erkinligi, din va millatlararo totuvlik taʼminlanayotgani, mazkur koʻkrak nishonining taʼsis etilgani diniy sohaga boʻlgan yuksak eʼtiborning yaqqol namunasi ekani taʼkidlandi.
Mukofotlanganlar oʻzlarining quvonchlari, dil kechinmalarini izhor qilib, yuksak eʼtiborga sazovor boʻlish hissi ularni yanada ulugʻvor ishlarga undashini, yosh avlodni bagʻrikenglik ruhida tarbiyalashda yangi kuch-gʻayrat berishiga asos boʻlishini taʼkidladilar.
🌐 Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati