XALQARO KONGRESS AMALIY TAKLIF, ILGʻOR TASHABBUS VA INNOVATSION LOYIHALARGA BOY BOʻLDI
2024-08-26 14:50:00 / Yangiliklar
Uch yuzdan ziyod ishtirokchi qatnashgan kongressda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining din va millatlararo munosabatlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, xorijlik TURKSOY xalqaro tashkiloti Bosh kotibi Sulton Rayev, Xalqaro Turkiy Akademiyasi prezidenti, akademik Shayn Mustafoyev kabilar ham ishtirok etib, nutq soʻzladilar.
Bundan 7 yil muqaddam Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilishi mamlakatimizda Uchinchi uygʻonish davri poydevorini barpo etish uchun katta asos boʻldi. Davlatimiz rahbari ushbu markazga tashriflari chogʻida majmuani koʻrkam va sifatli qilib qurish bilan birga, uning mazmuniga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladilar. Shuningdek, markaz xalqimizning maʼnaviy qudrati qay darajada ekanini koʻrsatish kerakligini ham alohida qayd etdilar.
Shu bois, ushbu muassasaga yurtimizning ilm-fan taraqqiyotida tutgan oʻrni, buyuk allomalarimizning jahon tamadduniga qoʻshgan hissasi va Islom dinining mazmun-mohiyatini keng yoyish kabi vazifalar yuklatildi.
Oʻtgan davrda markazda ilmiy izlanishlar olib borildi, ajdodlarimizning asarlari tadqiq qilinib, tarjimalar amalga oshirildi. Birgina misol sifatida “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasida 70 jildlik kitob-albomlar nashr qilinib, eng mashhur kutubxonalar, oliygoh va muzeylar, ilm maskanlariga yetkazib berildi. Ana shu ishlarning uzviy davomi sifatida ushbu anjuman kunlarida yana 10 ta yangi jild taqdimoti oʻtkazilgani quvonchli voqea boʻldi.
Xalqaro tadbirga tashrif buyurgan dunyoning 35 ta davlatidan 200 ga yaqin ishtirokchi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga oid muhim loyihalarni taqdim qildilar. Ayniqsa, IRCICA, ICESCO, TURKSOY, “al-Furqon” jamgʻarmasi rahbarlari, Xalkaro Turk akademiyasi, Arab davlatlari ligasi va boshqa xalkaro tashkilotlar vakillari takliflari muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati