Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigi
2024-05-08 17:00:00 / Yangiliklar
Aziz vatandoshlar, muhtaram faxriylar!
Bugungi shonli bayram – 9-may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 79 yilligi munosabati bilan mo‘tabar faxriylarimizni, ko‘p millatli butun xalqimizni samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Ushbu qutlug‘ kunda insoniyat tarixidagi eng dahshatli urushda jasorat ko‘rsatib, bashariyatni fashizm balosidan saqlab qolgan qahramon ota-bobolarimiz hamda front ortida mardona mehnat qilib, g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan mard va olijanob yurtdoshlarimiz xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom bajo keltiramiz.
Jang maydonlaridan omon qaytib, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, bugungi kunda ezgu duolari bilan hayotimizning fayzu farishtasi bo‘lib kelayotgan qadrli urush va mehnat faxriylariga cheksiz tashakkurimizni izhor etamiz.
Ayni vaqtda mustaqillik yillarida Vatanimiz ozodligi, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini himoya qilish hamda o‘z xizmat burchini ado etish yo‘lida halok bo‘lgan jasur harbiylarimiz xotirasini minnatdorlik bilan esga olamiz.
Qadrli do‘stlar!
Bugun barcha shahar va qishloqlarimizda o‘tkazilayotgan tadbirlarda bu mudhish urush el-yurtimiz uchun qanday mislsiz talafot va musibatlar olib kelganini yana bir bor yodga olishimiz tabiiydir. O‘sha og‘ir yillarda frontga safarbar etilgan 1 million 950 mingdan ziyod o‘zbekistonlik jangchilardan 538 mingdan ko‘prog‘i halok bo‘lgani, 158 mingdan ortig‘i bedarak yo‘qolgani, 870 mingdan oshig‘i turli jarohatlar olgani, 60 ming nafardan ziyodi esa nogiron bo‘lib qaytgani bu g‘alaba biz uchun naqadar qimmatga tushganini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Ana shu qirg‘inbarot urush xalqimiz qalbida qoldirgan bitmas jarohatni, oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hamon unutib bo‘lmaydi.
Urush davrida 214 ming askar va ofitserlarimiz jangovar orden va medallar bilan taqdirlangani, ularning 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga, 70 nafari uchala darajadagi “Slava” (“Shuhrat”) ordeniga sazovor bo‘lgani biz uchun, hech shubhasiz, buyuk g‘alabaning eng yorqin sahifalarini tashkil etadi.
Metin irodali xalqimiz o‘sha tahlikali yillarda front ortida sabot va matonat bilan mehnat qildi. Sanoat korxonalarining faoliyati front ehtiyojlari uchun yo‘naltirildi. Urush alangasi ichida qolgan hududlardan mamlakatimizga 170 dan ortiq zavod va fabrika ko‘chirib keltirildi va qisqa muddatda ularning faoliyati qayta tiklandi. El-yurtimiz front uchun juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar yetkazib berdi.
O‘zbekiston aholisi 1941-1943-yillarda mudofaa fondiga 475 million rubldan ortiq mablag‘ni, 22 million rubllik qimmatbaho shaxsiy buyumlarini ixtiyoriy ravishda topshirgani g‘alabani yaqinlashtirishga yana bir muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.
Xalqimiz yuksak odamiylik fazilatini namoyon etib, urush hududlaridan evakuatsiya qilingan 1 million 500 mingga yaqin insonga boshpana berdi. Ota-onasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar yetim bolalarga mehr-oqibat ko‘rsatib, so‘nggi burda nonini ham ular bilan baham ko‘rdi.
Aziz vatandoshlar!
Azim poytaxtimiz Toshkent shahrida xalqimiz jasoratining timsoli sifatida bunyod qilingan muhtasham “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi qisqa vaqt ichida qutlug‘ qadamjoga aylandi.
Shu kungacha bu yerga 2 million 200 ming nafardan ziyod ziyoratchi tashrif buyurib, uni katta qiziqish va e’tibor bilan tomosha qilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Majmua jamoasi tomonidan ellikka yaqin kitob-albom va monografiyalar, noyob hujjatlar to‘plamlari yaratilib, hozirga qadar noma’lum bo‘lgan yuzlab tarixiy faktlar aniqlanib, jamoatchilikka yetkazildi.
“Bobomni izlayman” loyihasi doirasida urushda ishtirok etgan 2 million nafarga yaqin vatandoshlarimiz ro‘yxati shakllantirildi. Yurtdoshlarimizdan kelib tushgan 300 dan ziyod murojaatlar bo‘yicha urushda bedarak ketgan 200 nafar jangchining taqdiriga oid muhim ma’lumotlar to‘plandi.
Muhtaram do‘stlar!
Bugungi bayram munosabati bilan jonajon O‘zbekistonimizda xotira marosimlari, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, “uch avlod uchrashuvlari” o‘tkazilmoqda. Tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar, harbiy qismlar rahbarlari ishtirokida urush va mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining oila a’zolariga tabrik va sovg‘alar topshirishga bag‘ishlangan marosimlar tantanali vaziyatda o‘tkazilmoqda.
Muhtaram urush faxriylari xalqimizning doimiy e’tibori va e’zozida bo‘lib kelmoqdalar. Jumladan, yolg‘iz yashayotgan urush va mehnat faxriylari, istiqlolimiz himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning uy-joylari ta’mirlanib, obod qilinmoqda. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga patronaj xizmati va zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda. Ular o‘z xohishlariga ko‘ra sanatoriylarda davolanmoqda.
Hech shubhasiz, biz bugungi ozod va erkin hayot uchun aziz jonini ayamasdan kurashgan bunday ulug‘ insonlar oldida doimo qarzdormiz, ular uchun bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratib beramiz.
Hozirgi g‘oyat murakkab va tahlikali zamonda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, farzandlarimizni turli zararli ta’sirlardan himoya qilish, bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo do‘stlik va ahillikni asrashdek o‘ta muhim vazifalarni bajarishda qahramon faxriylarimizning jasorati, shonli an’analari biz uchun hamisha ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi. Biz ulardan ruh va kuch olib, Vatan himoyachilari, tinchlik posbonlari, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lishdek yuksak burchimizni albatta sharaf bilan ado etamiz.
Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Siz, azizlarni bugungi ulug‘ ayyom bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Yurtimiz tinch, xalqimiz doimo omon bo‘sin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti