Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Nukus shahridagi rekonstruksiya qilingan “Turon” stadioni bilan tanishdi
2026-09-18 23:20:00 / Jańalıqlar

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Nukus shahridagi rekonstruksiya qilingan “Turon” stadioni bilan tanishdi.
Majmuaning yangilanishi hududda ommaviy va professional futbolni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni saralash va sportchilarning tayyorgarligini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Bu ishlar davlatimiz rahbarining 2023-yil 7-apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarga muvofiq amalga oshirildi.
Loyihaning umumiy qiymati 118,6 milliard so‘mni tashkil etadi. Majmuada 85 nafar kishining doimiy bandligi ta’minlandi. Rekonstruksiya natijasida stadion sig‘imi 9,3 mingdan 12 ming o‘ringa yetkazildi.
“Turon” stadioni “Aral” professional futbol klubining bazasi hisoblanadi. Bu yerda Respublika futbol akademiyasining 190 nafar tarbiyalanuvchisi muntazam mashg‘ulotlar va o‘quv yig‘inlarini o‘tkazmoqda.






