Kredit shartnomasi va tushunchasi
2025-07-09 15:00:00 / Yangiliklar

“Kredit shartnomasi va tushunchasi”
Kredit shartnomasi nima? Kredit shartnomasi — bu kredit beruvchi (odatda bank yoki moliya tashkiloti) bilan kredit oluvchi (jismoniy yoki yuridik shaxs) o‘rtasida tuziladigan yozma kelishuv. Ushbu shartnoma asosida kredit beruvchi muayyan summadagi pul mablag‘ini kredit oluvchiga belgilangan muddat va shartlarda berib, kredit oluvchi esa bu mablag‘ni qaytarish va shartlarda ko‘rsatilgan foizlarni to‘lash majburiyatini oladi.
Kredit shartnomasi bo‘yicha bir taraf — bank yoki boshqa kredit tashkiloti (kreditor) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) shartnomada nazarda tutilgan miqdorda va shartlar asosida pul mablag‘lari (kredit) berish, qarz oluvchi esa olingan pul summasini qaytarish va uning uchun foizlar to‘lash majburiyatini oladi.
Qonunchilikka muvofiq kredit tashkilotlari bo‘lmagan tijorat tashkilotlarining kreditlashni amalga oshirishiga yo‘l qo‘yilgan hollarda kredit shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalar bunday tijorat tashkilotlari amalga oshiradigan kreditlash munosabatlariga nisbatan qo‘llanadi.
Kredit bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda sud qarorida ko‘rsatilgan, kredit bo‘yicha undiriladigan summaga nisbatan ushbu Kodeksning 327-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida hamda 734-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan foizlar, shuningdek neustoyka hisoblanishi to‘xtatiladi.
Kredit shartnomasi yozma shaklda tuzilishi shart.
Yozma shaklga rioya qilmaslik kredit shartnomasining haqiqiy bo‘lmasligiga olib keladi. Bunday shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.
Kreditor qarz oluvchini to‘lovga qobiliyatsiz deb hisoblasa, qarz oluvchi kreditni ta’minlash majburiyatlarini bajarmasa, shartnomada nazarda tutilgan kreditdan aniq maqsadda foydalanish majburiyatini buzsa, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda qarz oluvchiga kredit shartnomasida nazarda tutilgan kreditni berishdan butunlay yoki qisman bosh tortishga haqli.
Qarz oluvchi kredit olishdan butunlay yoki qisman bosh tortishga haqli. Agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarz oluvchi bu haqda kreditorni kredit shartnomasida belgilab qo‘yilgan kredit berish muddatiga qadar xabardor qilishi shart. Qarz oluvchi kredit shartnomasida nazarda tutilgan kreditdan aniq maqsadda foydalanish majburiyatini buzgan taqdirda kreditor shartnoma bo‘yicha qarz oluvchini bundan buyon kreditlashni to‘xtatishga haqli.
Kreditni muddatidan oldin sud tartibida undirishda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kreditor dastlab qarzning belgilangan muddatda qaytarilmagan qismini undirish uchun sudga murojaat qiladi. Bunda agar qarz oluvchi muddati o‘tgan qarzni to‘liq to‘lamagan taqdirda, kreditor kreditning qolgan barcha summasini muddatidan oldin qaytarish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Taraflar bir tarafning kredit shartnomasi shartlari asosida turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolarni ikkinchi tarafga berish majburiyatini nazarda tutuvchi shartnomani tuzishlari mumkin.
Ashyolarni kreditga berish to‘g‘risidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnomaning berilayotgan ashyolarning miqdori, assortimenti, to‘liqligi, sifati, idishi va (yoki) o‘ralishi haqidagi shartlari tovarlarni oldi-sotdi shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalarga muvofiq bajarilishi shart
Kredit shartnomasining asosiy qismlari:
- Kredit summasi — kredit beriladigan mablag‘.
- Kredit muddati — kreditni qaytarish uchun belgilangan vaqt.
- Foiz stavkalari — kredit uchun to‘lanadigan qo‘shimcha mablag‘, odatda yillik hisoblanadi.
- Qaytarish tartibi — kreditni qanday va qachon qaytarish kerakligi (oylik to‘lovlar, bir martalik to‘lov va h.k.).
- Kafolatlar va ta’minotlar — kreditni qaytarishni ta’minlash uchun beriladigan mol-mulk yoki boshqa kafolatlar.
- Shartnoma taraflarining huquq va majburiyatlari — kredit berish va olish bo‘yicha tomonlarning huquqlari va majburiyatlari.
- Javobgarlik choralari — shartnoma buzilganda qo‘llaniladigan jazo va jarimalar.
Kredit shartnomasining ahamiyati:
- Ushbu shartnoma tomonlar o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarni aniqlaydi.
- Kredit oluvchi va kredit beruvchi huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
- Qarzni qaytarish tartibini va shartlarini rasmiylashtiradi.
- Nizolar va kelishmovchiliklar yuzaga kelganda huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Qo‘shimcha ma’lumotlar:
- Kredit shartnomasini imzolashdan oldin uni diqqat bilan o‘qib chiqish muhim.
- Agar shartnoma shubhali yoki tushunarsiz bo‘lsa, huquqiy maslahat olish tavsiya etiladi.
- Kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirish qarzga bog‘liq qarzdorlik va moliyaviy muammolardan saqlaydi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Do’stlik tumanlararo sudi raisi
B.Kazakov
