Reabilitatsiya etilgan shaxsga yetkazilgan ziyonni qoplash va uning boshqa huquqlarini tiklash bo‘yicha
2025-05-28 10:40:00 / Yangiliklar

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Paxtakor tuman sudi raisi T.E.Xakimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Reabilitatsiya etilgan shaxsga yetkazilgan ziyonni qoplash va uning boshqa huquqlarini tiklash bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risidagi qarori” haqidagi ma’ruzasi
Sud amaliyotida reabilitatsiya etilgan shaxsga yetkazilgan ziyonni qoplash va uning boshqa huquqlarini tiklash yuzasidan masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan, «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunning 22-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
Shaxsni reabilitatsiya etish Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasida nazarda tutilgan holatlar aniqlangan taqdirda ishni sudga qadar yuritish bosqichida jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan shaxsga nisbatan ayblovni tugatish, sudda oqlov hukmi chiqarish, jinoyat ishini tugatish kabi protsessual hujjatlar orqali amalga oshiriladi.
Reabilitatsiya — bu asossiz jinoiy ta’qibga uchragan shaxsning buzilgan huquq va erkinliklarini tiklashdir.
JPK 302-moddasiga muvofiq, reabilitatsiya etilgan shaxs qonunga xilof ravishda ushlab turilgani, ehtiyot chorasi sifatida qonunga xilof ravishda qamoqda saqlangani yoki uy qamog‘iga joylashtirilgani, pasportining (harakatlanish hujjatining) amal qilishi qonunga xilof ravishda to‘xtatib turilgani, ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingani tufayli vazifasidan qonunga xilof ravishda chetlashtirilgani yoxud tibbiy muassasaga qonunga xilof ravishda joylashtirilgani natijasida unga yetkazilgan mulkiy zararni undirish hamda ma’naviy ziyon oqibatlari bartaraf etilishini talab qilish huquqiga ega, mehnat qilish, nafaqa olish, uy-joydan foydalanish va boshqa huquqlari ham tiklanishi lozim bo‘ladi.
Reabilitatsiya asoslariga ko‘ra yetkazilgan ziyonni qoplanishini va boshqa huquqlarini tiklanishini talab qilish huquqiga:
shaxsga nisbatan jinoiy ta’qib noqonuniy yoki asossiz deb topilib, jinoyat ishi JPK 83-moddasining 1,2,3-bandlari (ish qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari yoki sud muhokamasi o‘tkazilgan ish bo‘yicha jinoyat hodisasi yuz bermagan bo‘lsa, shaxsning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa, shaxsning sodir etilgan jinoyatga aloqasi bo‘lmasa);
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 36-moddasi (jinoyat sifatida nazarda tutilgan qilmishning alomatlari mavjud bo‘lsada, o‘zining kam ahamiyatliligi tufayli ijtimoiy xavfli bo‘lmagan harakat yoki harakatsizlik jinoyat deb topilmasligi) asoslarida tugatilgan shaxslar ega bo‘ladi.
Ish bo‘yicha tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari sudning qaroriga ko‘ra qonunga xilof ravishda asossiz qo‘llangani sababli bekor qilinganda, tibbiy muassasaga joylashtirilgan shaxslar ham reabilitatsiya asoslariga ko‘ra huquqlarini tiklashni talab qilishi mumkin.
Jinoyat ishi shaxsni javobgarlikka tortish muddati o‘tgan;
e’lon qilingan amnistiya akti jinoyatga yoki shaxsga daxldor;
ayblanuvchi, sudlanuvchi vafot etgan;
ish faqat jabrlanuvchining shikoyati bilan qo‘zg‘atiladigan hollarda uning shikoyati bo‘lmagan;
shaxs ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan paytda jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan yoshga to‘lmagan;
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida shaxsning o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi tufayli yoxud belgilangan muddat ichida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanganligi va (yoki) jinoyat oqibatlari bartaraf etilganligi asoslarida tugatilgan;
shuningdek shaxs jinoyat qonunchiligi bo‘yicha qilmishni jinoiyligini bekor qiladigan (dekriminalizatsiya) yoki yengillashtiradigan (liberalizatsiya) qonun qabul qilinishi natijasida reabilitatsiya etilgan hollarda jinoyat ishi qo‘zg‘atish va boshqa qarorlarni asossiz yoki qonunga xilof deb topish uchun asos bo‘lmasligi sababli shaxs reabilitatsiya asoslariga ko‘ra huquqlarini tiklashni talab qilishga haqli bo‘lmaydi.
Qisman reabilitatsiya etilgan ayblanuvchi yoki mahkum unga faqat asossiz yetkazilgan hajmdagi mulkiy zararni qoplanishini va ma’naviy ziyonning oqibatlarini bartaraf etilishini talab qilishga haqli bo‘ladi (JPK 303-moddasi).
Shaxs qisman reabilitatsiya etilganda, unga tayinlangan jazodan ortiq muddat qamoqda, uy qamog‘ida saqlangan, ozodlikdan mahrum qilish yoxud ozodlikni cheklash jazosini o‘tagan qismlari asossiz deb topiladi, zarar qoplangani munosabati bilan ozodlikdan mahrum qilish yoxud ozodlikni cheklash tariqasidagi jazolarni o‘zgartirish holatlari bundan mustasno.
Jinoiy jazo tayinlamasdan hukm chiqarilgan hollarda ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘ining, tibbiy muassasaga joylashtirishning asossizligi aniqlanganda, shaxsni ushlab turish, qamoqda yoki uy qamog‘i, yoxud tibbiy muassasaga joylashtirilib saqlangan butun muddati asossiz deb e’tirof etiladi.
Reabilitatsiya etilgan shaxsga JPK 304-moddasiga muvofiq JPK 302 va 303-moddalarida ko‘rsatilgan qonunga xilof harakatlar bilan yetkazilgan quyidagi mulkiy ziyonlar to‘la hajmda qoplanadi:
reabilitatsiya etilgan shaxs o‘ziga nisbatan sodir etilgan qonunga xilof harakatlar natijasida mahrum bo‘lgan ish haqi va mehnatdan topiladigan boshqa daromadlar;
pensiya va nafaqalar, basharti ularni to‘lash to‘xtatib qo‘yilgan bo‘lsa;
pullar, pul jamg‘armalari va ularga to‘lanadigan foizlar, davlat zayomi obligatsiyalari va ularga chiqqan yutuqlar, aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar, shuningdek sudning hukmi, ajrimiga (qaroriga) asosan musodara qilingan yoxud davlat foydasiga o‘tkazilgan ashyolar yoxud boshqa mol-mulkning qiymati;
surishtiruv, dastlabki tergov organlari yoki sud tomonidan olingan va yo‘qotilgan mol-mulk qiymati;
sud hukmini ijro qilish chog‘ida undirilgan jarimalar va sud chiqimlari;
yuridik yordam ko‘rsatilishi uchun shaxs tomonidan advokatlar byurosiga, hay’atiga yoki firmasiga to‘langan pul, shuningdek unga nisbatan sodir etilgan qonunga xilof harakatlar natijasida qilingan boshqa xarajatlar.
Reabilitatsiya etilgan shaxs vafot etgan taqdirda to‘xtatib qo‘yilgan pensiya va nafaqalar bo‘yicha ziyonni undirish huquqiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan ta’minlanishi lozim bo‘lganlar jumlasiga kiruvchi oila a’zolari, qolgan barcha holatlar bo‘yicha ziyonni undirish huquqiga uning merosxo‘rlari ega bo‘ladi.
Ma’naviy ziyonni pul ko‘rinishida undirish huquqi reabilitatsiya qilingan shaxs bilan bog‘liqligi sababli reabilitatsiya etilgan shaxs vafot etgan hollarda uning merosxo‘rlari pul ko‘rinishida ma’naviy ziyonni undirishni talab qilish huquqiga ega bo‘lmaydi.
JPK 83-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra chiqarilgan oqlov hukmida yoki ishni tugatish haqidagi ajrimda sud, ishni tugatish to‘g‘risidagi qarorda esa surishtiruvchi, tergovchi, prokuror reabilitatsiya etilgan shaxsning o‘ziga yetkazilgan mulkiy ziyonni undirish, mehnat qilish, pensiya olish va uy-joydan foydalanish huquqlarini tiklash, shuningdek mol-mulkni qaytarish yoki uning qiymatini to‘lash to‘g‘risidagi talabi bo‘yicha JPKning 304-313-moddalarida nazarda tutilgan tartibda bartaraf qilish huquqini e’tirof etadi (JPK 306-moddasi 1-qismi va 311-moddasi).
Hukm, ajrim yoki qarorning nusxasi reabilitatsiya etilgan shaxsga topshiriladi yoki pochta orqali yuboriladi. Ayni vaqtda unga hukm, ajrim yoki qaror ustidan shikoyat qilish, shuningdek mulkiy va ma’naviy ziyonni qoplash va boshqa huquqlarini tiklash tartibi tushuntiriladi.
Reabilitatsiya etilgan shaxs mehnat qilish, pensiya olish va uy-joydan foydalanish huquqlarini tiklash to‘g‘risidagi talab bilan tegishli korxona, tashkilot, muassasaga murojaat qilishi lozim. Korxona, tashkilot, muassasa tomonidan shaxsning bu toifadagi talabi qanoatlantirilmagan hollarda yoxud shaxs qabul qilingan qaror (buyruq, farmoyish va v.x.)ga rozi bo‘lmasa, u tegishli tartibda (fuqarolik yoki ma’muriy sud ish yurituvi tartibida) sudga murojaat qilishga haqli.
Reabilitatsiya etilgan shaxsga yetkazilgan ma’naviy zarar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 57-bobi, 4-paragrafi talablari hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2000 yil 28 apreldagi «Ma’naviy zararni qoplash haqidagi qonunlarni ko‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi 7-sonli qarori tushuntirishlaridan kelib chiqib, fuqarolik ish yurituvi tartibida hal etiladi.
Mulkiy ziyonni qoplash va boshqa huquqlarini tiklash yuzasidan ariza jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqargan birinchi instansiya sudiga, reabilitatsiya etish to‘g‘risida qaror chiqargan prokuror, tergovchi, surishtiruvchiga taqdim etiladi (JPK 306-moddasi).
Ish yuqori instansiya sudlari tomonidan tugatilgan, oqlov hukmi (ajrimi) chiqarilgan hollarda ham ariza birinchi instansiya sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
JPK 306-moddasiga ko‘ra, mulkiy ziyon miqdorini aniqlash majburiyati sud, reabilitatsiya etish to‘g‘risida qaror chiqargan prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchiga yuklatilgan bo‘lib, mulkiy ziyonni undirish to‘g‘risidagi arizaga yetkazilgan ziyon miqdori haqidagi ma’lumotlarning ilova qilinmaganligi ushbu arizaning qaytarilishi yoki rad qilinishiga asos bo‘lmaydi.
Sud, reabilitatsiya etish to‘g‘risida qaror chiqargan prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi reabilitatsiya etilgan shaxsga yetkazilgan ziyon miqdorini aniqlash choralarini ko‘rishi, buning uchun moliya organlaridan va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limlaridan hisob-kitob talab qilib olishi, zarurat tug‘ilganda mutaxassis jalb qilishi lozim.
Sud, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi reabilitatsiya etilgan shaxsga nisbatan sodir etilgan qonunga xilof harakatlar natijasida mahrum bo‘lgan ish haqi va mehnatdan topiladigan boshqa daromadlar, to‘xtatib qo‘yilgan pensiya va nafaqalar miqdorini aniqlashda, ushbu shaxs qonunga xilof ravishda ushlab turilgan, ehtiyot chorasi sifatida qonunga xilof ravishda qamoqda yoki uy qamog‘ida saqlangan, tibbiy muassasaga joylashtirilgan yoki noqonuniy qaror (hukm, ajrim) chiqarilganligi natijasida ish haqi yoki pensiya va nafaqalar to‘lash to‘xtatilgan yoki qonuniy daromadlaridan mahrum bo‘lgan paytdan reabilitatsiya qilish haqida qaror chiqarilgan paytga qadar bo‘lgan davrni inobatga olishi lozim.
Reabilitatsiya etilgan shaxsga to‘lanishi lozim bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlar miqdori uning ilgari ishlagan lavozimiga to‘langan ish haqi va boshqa daromadlarini hisoblash orqali aniqlanadi. Bunda shaxsning ish haqi va boshqa daromadlaridan mahrum bo‘lgan vaqtdan, reabilitatsiya haqida qaror chiqarilgunga qadar bo‘lgan butun davri uchun shaxs boshqa daromadga ega bo‘lgan, bo‘lmaganidan qat’iy nazar oylik ish haqini o‘sib borishi hisobga olingan holda undirilishi lozim.
Shaxs jazoni o‘tagach ilgari ishlagan lavozimida ish faoliyatini davom ettirgan holatlarda qayta ishga tiklangunga qadar bo‘lgan davri bo‘yicha ish haqi va boshqa daromadlari hisoblanadi.
Muqaddam ishlamagan shaxsga qonunga xilof ravishda ushlangan, jazoni o‘tagan davridagi daromadlari bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi tomonidan hisoblangan ishsizlik nafaqasi miqdoridan hisoblanadi. Bunday shaxslarga ular jazoni o‘taganidan so‘ng reabilitatsiya qilingunga qadar bo‘lgan davri bo‘yicha daromadlari undirib berilmaydi.
Qonunda muayyan muddatga saylanishi yoki tayinlanishi nazarda tutilgan (sudya, deputat va h.k); lavozimlarda ishlagan shaxslar reabilitatsiya etilganda, shaxsga nisbatan sodir etilgan qonunga xilof harakatlar natijasida mahrum bo‘lgan ish haqi va mehnatdan topiladigan boshqa daromadlarni hisoblashda, reabilitatsiya etilgan muddatdan emas, balki ushbu shaxsning lavozimidagi vakolatining tugash muddatidan kelib chiqishlari lozim. Vakolat muddati tugash paytidan reabilitatsiya qilish haqida qaror qabul qilingunga qadar bo‘lgan davridagi muddat uchun ishlagan ish joyi hududidagi o‘rtacha oylik ish haqidan kelib chiqib ish haqi va boshqa daromadini hisoblash lozim.
Shaxs reabilitatsiya etilgan jinoyat ishi yuzasidan jinoiy ta’qib bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa asoslarga ko‘ra ishdan bo‘shatilgani aniqlangan hollarda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda, reabilitatsiya etilgan shaxsning ish haqini undirish xususidagi talabi qanoatlantirilishi mumkin emas. Bunday hollarda reabilitatsiya etilgan shaxsga ish haqini undirish to‘g‘risida fuqarolik sudlariga da’vo kiritishi mumkinligi tushuntiriladi.
JPK 304-moddasi 2-qismining 3, 4-bandlarida ko‘rsatilgan mulkiy ziyon miqdorini aniqlashda sudlar nafaqat jinoyat-protsessual qonunchiligi, balki fuqarolik qonunchiligi normalariga ham (FK 14-moddasi) amal qilishlari lozim.
Mulk nol qiymatda begonalashtirilgan yoki yo‘qotilgan hollarda mulkning baholangan qiymatidan kelib chiqiladi.
Begonalashtirilgan yoki yo‘qotilgan mulkning qiymati zarur hollarda baholash ekspertizasi o‘tkazish yo‘li bilan aniqlanadi.
Mol-mulk begonalashtirilmagani aniqlangan taqdirda, ushbu mulk natura shaklida egasiga qaytariladi.
JPK 305-moddasiga ko‘ra, sud, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi, JPK 304-moddasining 1, 3, 4, 5 va 6-bandlarida ko‘rsatilgan ziyon reabilitatsiya qilingan shaxs ishlagan hududdagi, agar shaxs ishlamagan bo‘lsa, jinoyat sodir etilgan deb topilgan hududdagi moliya organlari (Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahri shahar budjetidan (Budjet kodeksi 71-moddasining oltinchi qismi) tomonidan, 2-bandida ko‘rsatilgan ziyon O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari tomonidan davlat budjeti hisobidan qoplanishini aniq ko‘rsatishi lozim.
JPK 307-moddasiga ko‘ra, mulkiy ziyonning miqdori hisoblab chiqarilganidan keyin bu ziyonni qoplash uchun pul to‘lovlarini amalga oshirish to‘g‘risida sud ajrim, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror qaror chiqaradi.
Ajrim yoki qarorning nusxasi gerbli muhr yoki elektron imzo bilan tasdiqlanib, to‘lovni amalga oshirishi lozim bo‘lgan organlarga taqdim etish uchun reabilitatsiya etilgan shaxsga, u vafot etgan bo‘lsa, JPKning 304-moddasi uchinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarga beriladi va ijro qilish uchun tegishli organga yuboriladi.
JPK 312-moddasining mazmuniga ko‘ra, mulkiy ziyonni qoplash uchun pul tovoni to‘lashni, reabilitatsiya etilgan shaxs yoki JPK 304-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar, pul to‘lovlarni amalga oshirish haqidagi ajrim yoki qarorni olgan paytdan e’tiboran ikki yil mobaynida talab qilishlari mumkin.
Reabilitatsiya etilgan shaxs o‘z huquqlarini tiklash tartibini tushuntiruvchi sud qarorini (tergov organining bildirish xatini) olgan paytdan e’tiboran bir yil mobaynida bunday huquqlarini tiklanishini talab qilishi mumkin. Uzrli sabablarga ko‘ra bu muddat o‘tkazib yuborilgan hollarda u manfaatdor shaxsning arizasiga binoan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan tiklanishi lozim.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etgan taqdirda, buni o‘z qarori (ajrimi)da asoslantirishi hamda ushbu qaror (ajrim)ga nisbatan manfaatdor taraflarning shikoyat (protest) keltirish huquqini tushuntirishi shart.
JPK 309-moddasiga ko‘ra, shaxs ushlab turilganligi, qamalganligi yoki uy qamog‘ida turganligi, lavozimidan chetlashtirilganligi, tibbiy muassasaga joylashtirilganligi yoki hukm qilinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar matbuotda e’lon qilingan, radio, televideniye yoki boshqa ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilgan bo‘lsa, reabilitatsiya etilgan shaxsning, u vafot etgan bo‘lsa, qarindoshlarining, sud, prokuror, tergovchining va surishtiruvchining talabiga ko‘ra tegishli ommaviy axborot vositalari uning reabilitatsiya etilganligi to‘g‘risida bir oy ichida xabar berishlari shart.
JPKning 310-moddasiga ko‘ra, qonunga xilof ravishda hukm qilingani, qonunga xilof ravishda tibbiy muassasaga joylashtirilgani, ehtiyot chorasi tariqasida qonunga xilof ravishda qamoqqa olingani yoki uy qamog‘iga joylashtirilgani, qonunga xilof ravishda ushlab turilgani tufayli ishdan (lavozimidan) ozod qilingan yoki ishda ayblanuvchi, sudlanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi munosabati bilan lavozimidan qonunga xilof ravishda chetlashtirilgan shaxs oldin ishlagan ishiga (lavozimiga) tiklanishi lozim, korxona, muassasa, tashkilot tugatilgan yoki qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslar uni oldingi ishlab turgan ishiga (lavozimiga) tiklash imkoniyatini bermagan taqdirda unga avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) berilishi lozim.
Reabilitatsiya etilgan shaxsning qonunga xilof ravishda ehtiyot chorasi tariqasida qamoqda saqlangan yoki uy qamog‘ida bo‘lgan vaqti, jazo o‘tagan vaqti, lavozimidan chetlashtirilganligi tufayli ishlamay yurgan vaqti, tibbiy muassasada saqlangan vaqti umumiy mehnat stajiga va ixtisoslik bo‘yicha ish stajiga qo‘shiladi.
Qonunga xilof ravishda hukm etilgani, ehtiyot chorasi tariqasida qamoqda saqlangani yoki uy qamog‘iga joylashtirilgani, ushlab turilgani yoki tibbiy muassasaga joylashtirilgani tufayli o‘quv yurtidan haydalgan shaxs iltimosiga ko‘ra o‘qishga tiklanishi shart.
Qonunga xilof ravishda hukm etilgani yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgani tufayli uy-joydan foydalanish huquqidan mahrum bo‘lgan shaxsga ilgari u egallab turgan uy-joy qaytariladi, basharti uni qaytarib berishning imkoni bo‘lmasa, o‘sha aholi punktining o‘zida avvalgisiga teng qulayliklarga ega bo‘lgan uy-joy beriladi.
Qonunga xilof ravishda hukm qilinganligi yoki ishda ayblanuvchi, sudlanuvchi sifatida ishtirok etishga jalb qilinganligi munosabati bilan pasportining (harakatlanish hujjatining) amal qilishi to‘xtatib turilgan hollarda sud o‘z qarorida pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishi tiklanishini ko‘rsatadi.
Qonunga xilof ravishda ushlab turilgan, ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olingan, hukm qilingan yoki boshqa ko‘rinishda jazo qo‘llangan yoxud jinoiy javobgarlikka tortilib, lavozimidan chetlashtirilgan yoki harbiy xizmatdan bo‘shatilgan harbiy xizmatchilar reabilitatsiya qilinganida, shuningdek boshqa asoslarga ko‘ra ishdan bo‘shatilganida harbiy xizmatga (lavozimga) tiklash va boshqa mulkiy ziyonni undirish masalasida harbiy sudlarga murojaat qilishga haqli.
JPK 313-moddasiga ko‘ra, reabilitatsiya qilingan harbiy xizmatchilarning xizmatga oid, pensiya olish, uy-joydan foydalanish va boshqa shaxsiy hamda mulkiy huquqlarini tiklash va ularga yetkazilgan mulkiy zararning o‘rnini qoplash, ma’naviy ziyon oqibatlarini bartaraf etish JPKning 38-bobida belgilangan qoidalarga va «Reabilitatsiya etilgan harbiy xizmatchilarning xizmatga oid, pensiya olish, uy-joydan foydalanish va boshqa shaxsiy hamda mulkiy huquqlarini tiklash va ularga yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash, ma’naviy ziyon oqibatlarini bartaraf etish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga asosan amalga oshiriladi.
Bunda, Nizom va amaldagi qonun talablari o‘rtasida tafovut yuzaga kelgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasining «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonuni 18-moddasi talabiga muvofiq, qonun normalari qo‘llaniladi.
Reabilitatsiya etilgan shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari bekor qilinib, ayblov hukmi chiqarilgan taqdirda reabilitatsiya asoslariga ko‘ra to‘langan barcha summalar moliya organlariga qaytariladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay’atlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari reabilitatsiya etilgan shaxsga yetkazilgan ziyonni qoplash va uning boshqa huquqlarini tiklashga oid qonunchilikning sudlar tomonidan aniq qo‘llanishi ustidan nazoratni kuchaytirishlari, ushbu masala yuzasidan sud amaliyotini muntazam ravishda umumlashtirib borishlari va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish chorasini ko‘rishlari lozim.
