Asosiy kontentga o'tish

Umumiy ma'lumot

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi — O‘zbekiston Respublikasi Hukumati ijro etuvchi hokimiyatning oliy organi bo‘lib, iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma’naviy sohalarning samarali faoliyat ko‘rsatishiga rahbarlik qilishni, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi.

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasida ijro etuvchi hokimiyatning yagona tizimiga rahbarlik qiladigan kollegial organdir.

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining a’zolari — O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri (bundan buyon matnda Bosh vazir deb yuritiladi), uning o‘rinbosarlari va vazirlardan iboratdir. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining boshlig‘i Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi.

Vazirlar Mahkamasi:

  • samarali iqtisodiy, ijtimoiy, soliq va budjet siyosati amalga oshirilishi, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga doir dasturlarning ishlab chiqilishi hamda bajarilishi uchun javobgar bo‘ladi;
  • barqaror iqtisodiy o‘sishni, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, hududlarni kompleks va barqaror rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘radi;
  • aholini, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi;
  • atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni va biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishiga, epidemiyalarga, pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohalarida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
  • yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlaydi, oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash bo‘yicha choralar ko‘radi;
  • fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ularning ishtirok etishini ta’minlaydi;
  • fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy hamda boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi;
  • ijro etuvchi hokimiyat organlari ishini muvofiqlashtiradi va yo‘naltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni amalga oshiradi;
  • ijro etuvchi hokimiyat organlarining ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni ta’minlash, ularning faoliyatida korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, davlat xizmatlarining sifatini oshirish va ulardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha choralar ko‘radi;
  • Qonunchilik palatasiga mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi ma’ruzalarni taqdim etadi;
  • davlat boshqaruvi tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risida, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish, qayta tashkil etish hamda tugatish haqida takliflar ishlab chiqadi;
  • strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllari davlat boshqaruvi tizimiga joriy etilishini ta’minlaydi;
  • mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning eng muhim hamda ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan strategiyalar, konsepsiyalar, dasturlar hamda “yo‘l xaritalari”ni amalga oshirish yuzasidan choralar ko‘radi.
     

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasi konstitutsiyaviy normalar doirasida va qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.

Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari Bosh vazir tomonidan imzolanadi.

Amaldagi Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi, biroq Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi shakllantirilguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq o‘z faoliyatini davom ettirib turadi.

Vazirlar Mahkamasi o'z faoliyatini O'zbekiston Respublikasining «O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to'g'risida»gi Qonuniga muvofiq olib boradi.

48822

Oxirgi yangilanish: 2024-10-30 20:46:54