FUQAROLARNING HUQUQLARINI SUD ORQALI HIMOYA QILISH KAFOLATLARI
2025-07-17 13:20:00 / Yangiliklar

Keyingi yillarda mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga, sud ishlari yuritilishini takomillashtirishga, shuningdek fuqarolarning va tadbirkorlik faoliyati subyektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga hamda uning vakolatlariga taalluqli yangi normalar belgilanganligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi faoliyatini yagona yondashuv asosida isloh qilish zarurligini taqozo etmoqda.
2025-yil 9-iyunda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1067-sonli Qonuni bilan “Sudlar to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari normalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirilmoqda.
Jumladan, mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 1-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mustaqil holda ish yuritishi, O‘zbekiston Respublikasida odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshirilishi va hech qaysi boshqa organlar va shaxslar sud hokimiyati vakolatlarini o‘zlashtirib olishga haqli emasligi belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining yangilangan 14-moddasida fuqarolarning sud himoyasiga bo‘lgan huquqlari kengaytirilib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlaridan, harakatlari va harakatsizligidan, shu jumladan ularning qarindoshlari sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar munosabati bilan huquqlarining cheklanishidan, shuningdek hayoti va sog‘lig‘i, sha’ni hamda qadr-qimmati, shaxsiy erkinligi va mol-mulki, boshqa huquq va erkinliklariga tajovuzlardan sud himoyasida bo‘lish huquqiga egaligi qonun bilan belgilab qo‘yildi.
Bundan tashqari, sud orqali huquqlarni himoya qilish faqatgina sudgacha murojaat bilan emas, balki sudda o‘zini malakali tarzda himoya qilish imkoniyati bilan ham belgilandi, jumladan, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining yangilangan
15-moddasida Odil sudlovni amalga oshirishda har bir kishiga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida himoyalanish huquqi va o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ta’minlanishi, Qonunda nazarda tutilgan hollarda davlat hisobidan malakali yuridik yordam ko‘rsatilishi ta’minlanishi belgilandi.
Xulosa qilib aytganda O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 9-iyundagi O‘RQ-1067-sonli Qonuni — mamlakatimiz sud-huquq tizimini chuqur isloh qilish yo‘lida qabul qilingan muhim huquqiy hujjatdir. Ushbu qonun fuqarolarning huquqlarini sud orqali kafolatli himoya qilish, sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini ta’minlash, shuningdek, odil sudlovning shaffofligi va adolatliligini oshirish yo‘lida huquqiy asoslarni mustahkamlaydi. Bugungi kunda fuqarolarning huquqlarini faqat e’tiroz yoki shikoyat orqali emas, sud orqali professional tarzda va adolatli muhitda himoya qilish imkoniyati mavjud. Bu esa aholining huquqiy ongini oshiradi, fuqarolarda davlat institutlariga nisbatan ishonch uyg‘otadi va jamiyatda ijtimoiy adolatning qaror topishiga xizmat qiladi. Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksga kiritilgan o‘zgarishlar fuqarolarning shaxsiy daxlsizligini kafolatlash, qiynoqlarga, noqonuniy hibs va jazoga yo‘l qo‘ymaslik, aybsizlik prezumpsiyasini amalda joriy etish orqali inson sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga qaratilgan muhim yutuqlardir. Eng asosiysi, bu qonun Konstitutsiyamizning ustuvorligini hayotga tadbiq etadi. Chunki barcha sud jarayonlarida Konstitutsiya normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanishi qonun bilan belgilandi. Bu o‘z navbatida nafaqat sudlov organlari, balki barcha davlat organlarining ham konstitutsiyaviy-huquqiy mas’uliyatini oshiradi.
Jizzax viloyat ma’muriy sudining sudyasi H.Yorov
