Merosxo‘r deb topish haqidagi ishlarning sudda ko‘rish tartibi
2025-02-26 14:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, mulkchilikni barcha shakllari teng huquqligi Bosh qomusimizda e’tirof etildi va tarixan qisqa vaqt mobaynida bozor munosabatlarining rivojlanishi va tadbirkorlikka keng yo‘l ochilishi natijasida fuqarolarimiz xususiy mulk egalariga aylandilar va bu xususiy mulklarni avloddan-avlodga o‘tishi bilan bog‘liq munosabatlarni takomillashib borishi barobarida ularni tartibga solish yanada dolzarb masalaga aylanib bormoqda.
Amaldagi Fuqarolik kodeksining 1113-moddasiga muvofiq, meros tarkibiga meros ochilgan paytda meros qolddiruvchiga tegishli bo‘lgan ko‘char va keo‘chmas mulk, ashyolar, shu jumladan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha mulkiy huquq va majburiyatlar kiradi. Meros tarkibiga faqat meros qoldiruvchiga qonuniy asoslar tegishli bo‘lgan mulk kirishi tufayli, o‘zboshimchalik bilan qurilgan yoki tegishli tarzda rasmiylashtirilmagan imoratlar meros tarkibiga faqat marhumning mazkur imoratlarga nisbatan mulk huquqi belgilangan tartibda e’tirof etilgan holda kiritiladi.
Fuqarolik kodeksi 1112-moddasiga ko‘ra, vorislik vasiyat va qonun bo‘yicha amalga oshiriladi.
Meros fuqaroning o‘limi yoki uning sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi oqibatida ochiladi.
Meros qoldiruvchining o‘lgan kuni (zarurat bo‘lganda payti ham), u vafot etgan deb e’lon qilinganda esa, agar sudning qarorida boshqa muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi sudning qarori kuchga kiradigan kun meros ochilgan vaqt deb hisoblanadi. Agar biridan keyin boshqasi meros olishga haqli bo‘lgan shaxslar bir kalendar sutka (yigirma to‘rt soat) ichida vafot etgan bo‘lsalar, ular bir vaqtda vafot etgan deb hisoblanadilar, meros ularning har biridan keyin ochiladi va ulardan har birining merosxo‘rlari vorislikka chaqiriladilar. Meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashab turgan joyi merosning ochilish joyi hisoblanadi. Agar meros qoldiruvchining oxirgi yashab turgan joyi noma’lum bo‘lsa, meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk yoki uning asosiy qismi turgan joy, ko‘chmas mulk bo‘lmagan taqdirda esa, ko‘char mulkning asosiy qismi turgan joy meros ochilgan joy deb hisoblanadi. Meros ochilgan paytda hayot bo‘lgan fuqarolar, shuningdek meros qoldiruvchining hayotlik paytida homila holida bo‘lgan va meros ochilgandan keyin tirik tug‘ilgan bolalari vasiyat va qonun bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin. Meros ochilgan paytda tuzilib bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin.
Qonun talabiga ko‘ra, vasiyatnoma qonunda belgilangan tartibda tuzilgan va vasiyat qiluvchining vafotidan so‘ng muayyan oqibatlar kelib chiqishini nazarda tutuvchi bir tomonlama bitim bo‘lib, qonunga binoan vasiyat qiluvchi o‘z mulkini to‘liq yoki qisman har qanday shaxs yoxud bir necha shaxsga, shuningdek yuridik shaxslarga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yoxud davlatga vasiyat qilishi, yoinki bir, bir necha yoki barcha qonun bo‘yicha merosxo‘rlarni merosdan mahrum qilishi mumkin.
Vasiyatnomani haqiqiy emas deb topishga oid da’volarni ko‘rishda, sudlar Fuqarolik kodeksining bitimlarni haqiqiy emas deb topish uchun asoslarni nazarda tutuvchi normalariga amal qilinadi.
Merosxo‘r deb topish haqidagi da’vo arizalarni ko‘rib chiqishda ishni sudda ko‘rishga tayyorgarlik bosiqichida sudyadan juda katta e’tibor qaratishi talab qilanadi.
Jumladan, merosga oid fuqarolik ishlarini sudda ko‘rishga tayyorlash sud(sud’ya)dan yetarlicha vaqt talab qiladi. Sababi ishni ko‘rishga tayyorlashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni hamma vaqt ham ishni mazmunan sudda ko‘rish jarayonida to‘ldirib bo‘lmaydi va oqibatda ish bo‘yicha to‘liq tekshirilmagan holatlar bo‘yicha hal qiluv qarori chiqarishga olib keladi. Natijada bunday ishlar bo‘yicha chiqarilgan hal qiluv qarorlari apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalarida bekor qilinib, bartaraf etilmagan ushbu holatlar kelgusida sansolarlikni keltirib chiqarishi mumkin.
Fuqarolik ishlarini sudda ko‘rishga tayyorlash ariza qabul qilingan kundan boshlab o‘n kunlik muddatdan kechiktirmay amalga oshirilishi lozim. Bu muddat alohida hollarda o‘ta murakkab ishlar buyicha sud’yaning asoslantrilgan ajrimiga binoan kechiktirilib, yigirma kunga yetkazilishi mumkin. Qolgan fuqarolik ishlari sudda ko‘rishga tayyorlab bo‘lingan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay ko‘rilishi lozim. Meros huquqiga oid nizoli munosabatlar sudlarda ko‘pincha da’vo ishlari tartibida ko‘riladi.
Merosga oid fuqarolik ishlarini sudda ko‘rishga tayyorlash jarayonida sud’ya meros ochilgan vaqt, meros ochilgan joy, meros tarkibi, merosxo‘rlar doirasi, marhumning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslar, vasiyat bo‘yicha meros ochilgan bo‘lsa meros ochilgan kunda vasiyatnoma kuchda ekanligi, bekor qilinmaganligini, vasiyatnomaning mazmunidan qat’iy nazar majburiy ulush oluvchi shaxslar mavjud yoki mavjud emasligini, merosdan imtiyozli olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar doirasini aniqlashi lozim. Shuningdek,
a)taraflarning huquqiy munosabatlarini va ishni ko‘rishda qo‘llanishi lozim bo‘lgan qonunni aniqlashi;
b) taraflarning talab va e’tirozlarini asoslovchi faktlarni, shuningdek nizoni to‘g‘ri hal etish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa faktlarni aniqlashi;
v) ishni hal etish uchun zarur bo‘lgan dalillar doirasini aniqlash va ularni o‘z vaqtida sud majlisiga taqdim etishni ta’minlashi;
g) ishda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan shaxslar tarkibi masalasini hal etishi lozim.
Merosga oid fuqarolik ishi sudlar tomonidan ikki hil holatda mazmunan ko‘rib chiqiladi.
Birinchidan, agarda merosxo‘rlar qonun yoki vasiyat bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma olgan bo‘lsa-yu, keyinchalik ular o‘rtasida meros mulkini taqsimlash va foydalanishda nizo kelib chiqqan hollarda mazkur nizoli munosabat sudlar tomonidan da’vo tartibida mazmunan ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, merosxo‘rlar meros qolgan mulkni qonun va vasiyat bo‘yicha qabul qilib olmasdan turib, ular o‘rtasida merosni taqsimlash va ulushlar ajratishda nizo kelib chiqsa mazkur holatda ham sud, merosxo‘rlarning da’vo talabi bo‘yicha ishni mazmunan ko‘rib chiqadi.
Ikkinchidan, notarius ayrim hollarda qonun yoki vasiyat bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berishni rad etishi, kechiktirishi yoki to‘xtatib turishi mumkin, ushbu hollarda ham manfaatdor shaxs notariusni qonun yoki vasiyat bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq haqida guvohnoma berishni rad etganligi, kechiktirganligi yoki to‘htatib turganligi haqidagi Qaroriga nisbatan sudga shikoyat qiladi. Mazkur shikoyat mansabdor shaxsning xatti-harakat(qaror)lariga nisbatan shikoyat ko‘rinishida beriladi. Bundan ko‘rinadiki, merosga oid fuqarolik ishlari sudlar tomonidan ikki hil holatda ko‘rib chiqiladi, birinchi holat notariusning qonun yoki vasiyat bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq haqidagi guvohnomani noto‘g‘ri bajarganligi bo‘yicha berilgan da’vo arizalarini sudda ko‘rib chiqish tartibi, ikkinchi holat notariusning qonun yoki vasiyat bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq haqidagi guvohnomani berishni rad etganligi yoki kechiktirganligi bo‘yicha qaror ustidan sudga shikoyat qilinganda shikoyat tartibida ishni ko‘rib chiqish tartibi.
Ishni mazmunan ko‘rgan sud har ikkala holatda ham hal qiluv qarori qabul qiladi.
Notarius tomonidan notarial tartibda tasdiqlangan qonun yoki vasiyat bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq haqidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish yuzasidan bergan da’vo arizasini sudda ko‘rib chiqishning o‘ziga xos protsessual tartibi mavjud. Sudya ishni sudda ko‘rishga tayyorlash jarayonida avvalo, manfaatdor shaxs noto‘g‘ri deb hisoblagan notarial harakatni jumladan, qonun yoki vasiyat bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq haqidagi guvohnomani ya’ni da’vo arizada ko‘rsatib o‘tilgan notarial harakatni manfaatdor shaxsdan talab qilib oladi. Bajarilgan notarial harakatga nisbatan da’vo tartibida sudga murojaat qilish muddati manfaatdor shaxs tomonidan huquqi buzilganligini bilgan vaqtdan boshlanadi. Mazkur turdagi ishlarni sudda ko‘rib chiqish jarayonida etibor berish kerak bo‘lgan, protsessual xususiyatlaridan biri da’vo arizani qonun bo‘yicha belgilangan muddatda berilganligini aniqlashdir. Sud(sud’ya) ishni sudda ko‘rishga tayyorlash jarayonida da’vo muddati o‘tib ketgan bo‘lsa-da, da’vo arizani ish yurituviga qabul qiladi va ishni ko‘rishga tayinlaydi, umumiy asoslarda belgilangan da’vo muddati o‘tgandan so‘ng berilgan ariza uni qabul qilishni rad etishga asos bo‘lmaydi. Sud (sud’ya) ishni mazmunan ko‘rib chiqish jarayonida, o‘tkazib yuborilgan da’vo muddati uzrsiz ekanligini aniqlansa, yoki javobgar da’vo muddatini qo‘llash haqida ariza bersa da’vo talabi rad etilishi mumkin.
Sud’ya ushbu nizoni to‘g‘ri hal etish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa harakatlar: notarial idoradan notarial harakatni chaqirib olish, nizo predmetiga nisbatan uni tassarrufi bilan bog‘liq bo‘lgan harakatlarga taqiq solish va qonunga asosan manfaatdor shaxsning talabidan kelib chiqib, boshqa harakatlarni ham bajarishi mumkin.
Sud amaliyotidan kelib chiqib aytish mumkinki, notariuslar tomonidan bajarilgan notarial harakatlarni sudlarda haqiqiy emas deb topish, bekor qilish bo‘yicha nizoli ishlar ko‘rilmoqda.
Qonun yoki vasiyat bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq haqidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish bo‘yicha ishlar sudlarda da’vo ishlari toifasiga kirib, mazmunan ko‘rilmoqda. Mazkur toifadagi fuqarolik ishlari bo‘yicha da’vo arizasida manfaatdor shaxs qonun yoki vasiyat bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq haqidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish va bekor qilish bo‘yicha da’vo talabini qo‘yadi. Mazkur holatda ishni ko‘rayotgan sud ish bo‘yicha da’vo talabi, da’vo predmeti va da’vo asosini aniqlab olishi kerak.
Fikrimizcha, notarius tomonidan bajarilgan notarial harakat, notarial faoliyatning ob’ektini tashkil etadi, sud ishni ko‘rayotgan vaqtda ushbu notarial faoliyat sud uchun dalil, isbotlash vositasi bo‘ladi. Notarial faoliyat ob’ektiga nisbatan qo‘yilgan talab da’vo talabini, notarius amalga oshirgan notarial faoliyatning ob’ekti sudda da’vo predmetini, notarial harakatni haqiqiy emas deb topish uchun manfaatdor shaxs tomonidan keltirilgan vaj da’voning asosini tashkil etadi.
Ish sudda ko‘rilishi jarayonida manfaatdor shaxs o‘z davo talablarini quvvatlab bayonot berishi tabiiy, lekin sud ish bo‘yicha to‘plangan dalillarga xolisona baho berib, bir to‘xtamga keladi.
Sudlar tomonidan qonun va vasiyat bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq haqidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish va bekor qilishda O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik kodeksida ko‘rsatib o‘tilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish va bekor qilishga oid qoidalarni qo‘llashi kerakligi haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “Sud amaliyotida bitimlarni tartibga soluvchi qonunchilik normalarini tatbiq qilishda vujudga keladigan ayrim masalalar to‘g‘risida”gi 2006 yil 22 dekabrdagi sonli 17-sonli qarorida ko‘rsatma berib o‘tilgan. Va sudlar bitimlarni haqiqiy emas deb topish va bekor qilish bo‘yicha da’vo talabi bo‘yicha ish ko‘rish vaqtida bu ikkala huquqiy holatni bir-biridan farqlashi kerakligi, sababi bu ikkala holat alohida asoslarga ega ekanligi ta’kidlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik kodeksini 9-bobi 113-126- moddalarida ko‘zda tutilgan bitimlarning haqiqiy emasligini tartibga soluvchi normalarda bayon etilgan asoslar bo‘yicha shartnomalarni haqiqiy emas deb topilishiga yo‘l qo‘yiladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksini 114-moddasi 1-qismiga muvofiq haqiqiy bo‘lmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bog‘liq bo‘lgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarni vujudga keltirmaydi va u tuzilgan paytdan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi. Shartnomani bekor qilish esa to‘liq yoki qisman bajarilmagan shartnomani va uning oqibatida vujudga kelgan taraflarning huquq va majburiyatlarini kelgusida bekor qilishga qaratilgan harakatdir.
Mazkur qoidadan kelib chiqib, qonun va vasiyat bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq haqidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish bo‘yicha uch yillik da’vo muddati qo‘llaniladi. shuningdek, bir tomonlama bitimlarning haqiqiy emasligi, jumladan vasiyatnomani haqiqiy emasligi O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik kodeksini 9-bobida belgilangan umumiy qoidalar bilan, uni bekor qilish shartlari esa aynan shu turkumdagi bitimlarga oid qoidalar bilan tartibga solinadi (masalan, ishonchnoma va vasiyatnomani bekor qilish FK 141, 142, 1127-moddalari). O‘zR FKning
9-bobida qayd etilgan qoidalar bitimlarni haqiqiy emas deb topishning qat’iy asoslari hisoblanadi va ushbu asoslar qonun va vasiyat bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq haqidagi guvohnomani sud tartibida haqiqiy emas deb topish bo‘yicha ham qo‘llaniladi.
Sud amaliyoti tajribasiga tayangan holda aytish mumkinki, vasiyatnoma sir saqlanganligi bois, vasiyatnoma va vasiyatnoma bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq haqidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish bo‘yicha da’vo tartibida ko‘rilayotgan ishlar ko‘pincha vasiyat qiluvchining o‘limidan so‘ng vujudga keladi, vasiyatnoma bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq haqidagi guvohnomani vasiyat qiluvchining o‘limidan so‘ng bekor qilish asoslari qonunda o‘z ifodasini topmagan.
Ishni ko‘rayotgan sud, vasiyatnoma va vasiyatnoma bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq haqidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish bo‘yicha fuqarolik ishini ko‘rayotgan vaqtda vasiyatnomaning qonunda belgilangan shakliga asosan rasmiylashtirilganligini tekshirishi shart. Amaldagi O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik kodeksini 1124-moddasida vasiyatnomaning shakliga doir umumiy qoidalar ko‘rsatib o‘tilgan.
Mazkur toifadagi ishni ko‘rayotgan sud, notarial tartibda tasdiqlangan vasiyatnomani haqiqiy emas deb topish vaqtida, nizodagi vasiyatnoma qonun bo‘yicha notarial tasdiqlangan vasiyatnomaga qo‘yilgan talablarga javob berish yoki bermasligini tekshirishi kerak. Qonun notarial tartibda tasdiqlangan vasiyatnomaga ayrim talablarni qonunan mustahkamlaydi. Jumladan, notarial tasdiqlangan vasiyatnoma vasiyat qiluvchi tomonidan yozilgan yoki uning so‘zlaridan notarius tomonidan yozib olingan bo‘lishi lozim. Vasiyatnomani vasiyat qiluvchi so‘zlaridan notarius tomonidan yozib olish paytida umumiy qabul qilingan texnika vositalaridan (yozuv mashinkasi, shaxsiy kompyuter va hokazolardan) foydalanilishi mumkin. Vasiyat qiluvchining so‘zlaridan notarius tomonidan yozib olingan vasiyatnomani imzolashdan oldin vasiyat qiluvchi uning matnini notarius oldida to‘liq o‘qib chiqishi lozim. Agar vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani shaxsan o‘qiy olmasa, vasiyatnomaning matni vasiyat qiluvchiga notarius tomonidan o‘qib eshittiriladi, bu haqda vasiyatnomada tegishlicha qayd etilib, vasiyat qiluvchi vasiyatnomani shaxsan o‘qiy olmaganligining sabablari ko‘rsatiladi.
Merosga oid fuqarolik ishlarini sudlar tomonidan ko‘rib chiqishning o‘ziga xos protsessual jihatlari mavjud bo‘lib, notarial idoradan meros ishi chaqirib olingach, ishni ko‘rayotgan sud meros ishi ichidagi hujjatlarga va quyidagi holatlarga huquqiy baho berishi lozim, bular quyidagilar:
merosxo‘rlar meros ochilgan joydagi notariusga ariza bilan murojaat etganligi va merosxo‘rlar notarius huzurida arizaga shaxsan imzo qo‘yganligi, arizaga imzo qo‘ygan vorisning shaxsi notarius tomonidan aniqlaganligi va imzoning to‘g‘riligini tekshirib bu haqda arizaga yozib qo‘yilganlik holatiga;
notarial idoraga meros olish huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma berishni iltimos qilgan beva qolgan er(xotin) ga O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksini 23-moddasi va “Notariat to‘g‘risida”gi qonunning 63-moddalarini mazmuni tushuntirilganligi bu haqda meros ishi ichida ariza mavjudligi holatiga;
meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashab turgan joyi merosning ochilish joyi hisoblanadi. Agar meros qoldiruvchining oxirgi yashab turgan joyi noma’lum bo‘lsa, meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk yoki uning asosiy qismi turgan joy, ko‘chmas mulk bo‘lmagan taqdirda esa, ko‘char mulkning asosiy qismi turgan joy meros ochilgan joy hisoblanadi deyilgan, mazkur holat notarius tomonidan tekshirilganlik holatiga etibor berishi lozim.
Merosga oid fuqarolik ishlari murakkab ishlar qatoriga kiradi, shu sababli ham mazkur turkumdagi ishlarni ko‘rish suddan alohida e’tibor talab qiladi.
Sud, mazkur turkumdagi ishlarni ko‘rish vaqtida ushbu toifadagi ishlarning o‘ziga xos bo‘lgan ayrim protsessual jihatlariga e’tibor qratishi lozim.
Ishni ko‘rayotgan sud( sud’ya)ga meros hisobidan to‘lanishi lozim bo‘lgan harajatlar haqida ariza berilgan bo‘lsa, ushbu masalani ham hal etishi lozim. Mazkur holatda meros vorislar o‘rtasida taqsimlanishidan oldin meros qoldiruvchining vafoti oldidan xastaligi tufayli qilingan zarur xarajatlar, meros qoldiruvchini dafn etish xarajatlari, merosni egallash, muhofaza qilish, boshqarish va vasiyatnomani ijro etish, shuningdek vasiyatnomani ijro etuvchi yoki merosni boshqaruvchiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash to‘g‘risidagi talablar meros hisobidan qondirilishi lozim. Bu talablar meros qiymati hisobidan boshqa barcha talablardan, shu jumladan ipoteka yoki boshqa garov bilan ta’minlangan talablardan oldin imtiyozli ravishda qondirilishi lozim.
Jizzax viloyat sudining sudyasi Sh.Mullajanov
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarbdor tumanlararo sudi raisi O.Egamberdiev
