Zarbdorda "Mustaqillik to‘yi" festivali doirasida gala-konsert ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi
2026-07-08 22:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan "Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!" shiori ostida Jizzax viloyati Zarbdor tumanida tashkil etilgan "Mustaqillik to‘yi" festivali doirasida gala-konsert dasturi yuqori saviyada o‘tkazildi.
Bayram tadbirida tuman aholisi, nuroniylar, yoshlar, mehnat faxriylari hamda keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etdi.
Konsert dasturida taniqli san’atkorlar va iste’dodli ijodkorlar tomonidan Vatanga muhabbat, tinchlik, birlik va mustaqillik g‘oyalarini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, bayram ishtirokchilariga unutilmas taassurotlar ulashildi.
Shuningdek, yurtimiz taraqqiyoti, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va Mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni aks ettiruvchi videoroliklar namoyish etildi.
Festival xalqimizning Vatanga sadoqati, milliy birdamligi va Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lidagi ezgu maqsadlarini yana bir bor namoyon etdi.
Bayram tadbiri yakunida osmonni bezagan rang-barang mushakbozlik tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, tantanaga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.









