Faol xotin-qizlar uchun ma’naviy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi
2026-06-15 09:00:00 / Yangiliklar

Zarbdor tuman hokimligi tashabbusi bilan tumandagi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da ro‘yxatda turuvchi hamda pilla boqish mavsumida faol ishtirok etgan bir guruh xotin-qizlar uchun Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan dam olish maskaniga ma’naviy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi.
Mazkur sayohatdan ko‘zlangan asosiy maqsad xotin-qizlarning mazmunli hordiq chiqarishini ta’minlash, ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirish hamda mehnatini munosib rag‘batlantirishdan iboratdir.
Dastur doirasida ishtirokchilar uchun tabiat qo‘ynida sayohatlar, psixologik treninglar, huquqiy maslahatlar, madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar hamda kechki gala-konsert tadbirlari tashkil etiladi.
Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda hayotdan mamnunlik darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.
Yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning munosib mehnatini qadrlash va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.





