Xotin-qizlar uchun amaliy seminarlar tashkil etildi
2026-06-07 15:00:00 / Yangiliklar

Zarbdor tumanining Sharq Yulduzi mahalla fuqarolar yig‘ini hududida xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish hamda oilaviy daromadlarni oshirishga qaratilgan amaliy seminarlar tashkil etildi.
Dastlab, Risolat Qosimova xonadonida tomorqachilikni rivojlantirish va undan samarali foydalanish mavzusida seminar o‘tkazildi. Unda ishtirokchilarga tomorqa yer maydonlaridan unumli foydalanish, mavsumiy ekinlarni yetishtirish, sabzavot va ko‘chatlarni parvarishlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda oilaviy daromadni oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Seminar davomida tomorqachilik orqali qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Ma’mura Sultonovaga tegishli “Oydin Pikar” MCHJda xotin-qizlarni kasb-hunarga yo‘naltirish va ularning iqtisodiy faolligini oshirish maqsadida nonvoychilik yo‘nalishida amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga non va non mahsulotlarini tayyorlash texnologiyasi, mahsulot sifatiga qo‘yiladigan talablar, sanitariya-gigiyena qoidalari hamda nonvoychilik orqali daromad topish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Tajribali mutaxassislar ishtirokida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, qatnashchilar o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mazkur seminarlar xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka keng jalb etish hamda oilalarda barqaror daromad manbalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
