Zarbdorda urug‘lik g‘alla maydonlarida aprobatsiya jarayonlari raqamlashtirilmoqda
2026-05-25 10:00:00 / Yangiliklar

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash Markazi tomonidan urug‘lik g‘alla maydonlarida aprobatsiya jarayonlarini raqamlashtirish va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishga bag‘ishlangan amaliy o‘quv-seminari tashkil etildi.
Mazkur seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad urug‘chilik sohasida inson omilini qisqartirish, ma’lumotlarni tezkor va aniq shakllantirish, aprobatsiya jarayonlarining shaffofligini ta’minlash hamda sohada raqamli tizimlardan samarali foydalanish ko‘nikmalarini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda viloyat hamda tuman miqyosida faoliyat yuritayotgan aprobatsiya ishchi guruhlari, agronomlar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari va sohaning mas’ul mutaxassislari ishtirok etdi. Seminar davomida ishchi guruhlarga maxsus planshet qurilmalari tarqatilib, ular orqali urug‘lik g‘alla maydonlarida elektron ma’lumotlar bazasini yuritish, maydonlarni geolokatsiya orqali belgilash, foto va video ma’lumotlarni saqlash hamda onlayn hisobot topshirish tartiblari amalda ko‘rsatib berildi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, raqamlashtirilgan aprobatsiya tizimi orqali har bir urug‘lik maydonining holati haqidagi ma’lumotlar yagona elektron platformaga kiritiladi. Bu esa urug‘lik donning navdorligi va sifatini baholash jarayonida aniqlikni oshirish bilan bir qatorda, ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish imkoniyatini ham yaratadi. Shuningdek, planshetlar orqali kiritilgan ma’lumotlar inson omili ta’sirini kamaytirib, ortiqcha qog‘ozbozlikning oldini oladi.
Seminarda so‘z olgan Markaz rahbari o‘rinbosari raqamli texnologiyalarni qishloq xo‘jaligi sohasiga keng joriy etish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, bu kabi amaliy tadbirlar fermerlar va aprobatorlarning zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish ko‘nikmasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Zarbdor tumanida g‘allachilik va qishloq xo‘jaligi tarmoqlari muhim o‘rin tutadi. Hududda urug‘chilik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish, sifatli urug‘lik yetishtirish va fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Seminar yakunida ishtirokchilarga raqamlashtirilgan aprobatsiya tizimidan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi hamda kelgusida barcha urug‘lik maydonlarida mazkur tizimni bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
