ZARBDOR TUMAN PROKURORI RAVSHAN MASHARIPOVNING TUMAN AHLIGA MUROJAATI!
2026-05-04 14:35:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Qadrli otaxon va onaxonlar !
Aziz Zarbdor tumani aholisi !
Hurmatli Yurtboshimiz rahbarligida, mas’ul idora va tashkilotlar hamda vatanparvar xalqimiz bilan birgalikda barcha sohalarda, xususan Zarbdor tumanida qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Ko‘rilgan choralar natijasida tumanimizda 2026 yil 4 oyi davomida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 21 foizga oshgan bo‘lsa, qotillik, nomusga tegish, bezorilik, transport vositasini olib qochish, og‘ir tan jarohati yetkazish, oilaviy zo‘ravonlik, bosqinchilik jinoyatlari 100 foizga kamayishiga, shu bilan birga, 23 ta mahallalardan 19 tasida oy davomida jinoyat sodir etilmasdan 19 ta mahalla yashil toifada qolishiga erishildi.
Lekin, shu bilan birga, raqamli texnologiya vositalari orqali fuqarolarni aldash va ularning mol - mulkini egallash holatlari ko‘paymoqda.
Keyingi vaqtlarda bank kartalaridan foydalangan holda o‘g‘rilik yoki firibgarlik holatlarining ko‘payishi tumanimiz aholisining raqamli moliyaviy savodxonligi darajasi yetarli emasligini ko‘rsatmoqda.
2026 yilning o‘tgan 4 oyi davomida 44 ta kiberjinoyatlar sodir etilib, shundan, 24 tasi firibgarlik holatlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani buning yaqqol isboti.
Ayrim fuqarolarimizning o‘zlariga tegishli mol – mulklari va chorva mollarini qarovsiz qoldirganligi, o‘zlariga tegishli binolarini o‘z vaqtida qo‘riqlovga olish borasida zaruriy choralarni ko‘rmaganligi oqibatida, o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilishiga imkoniyat yaratib berilmoqda.
Oilaviy qadriyatlarni yaxshilash, oila mustahkamligini kuchaytirish borasida Davlatimiz rahbari tomonidan qator ishlar amalga oshirib kelinayotgan bir vaqtda, tumanda 3 ta tan jarohati yetkazish jinoyati qayd etilganligi tashvishli holdir.
Bu esa, mazkur yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi mutasaddilarning mas’uliyatini yanada oshirishimiz lozimligidan dalolat bermoqda.
Aziz Yurtdoshlar !
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 5 yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlar tizimini joriy etishga qartilgan qo‘shimcha choratadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son va “2026 yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2-son qarorlari ma’lumot va ijro uchun qabul qilindi. Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida tuman prokuraturasi huzurida mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini amalga oshirish borasidagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda Dastur va hududiy “yo‘l xaritalari”ning ijrosini tizimli ravishda nazorat qiluvchi tuman idoralararo muvofiqlashtirish shtabi va ishchi guruhi tuzilib, ular faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mutasaddi idoralar bilan qo‘shma qaror imzolandi.
Shuningdek, qo‘shma qaror bilan tuman idoralararo muvofiqlashtirish shtabi va ishchi guruhining mahallalarda huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatlarni barvaqt oldini olish va “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha mas’ul idoralarning vazifalari, ayollar, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan shaxs, giyohvandlar hamda nizoli oilalar salmog‘i ko‘p bo‘lgan mahallalarda hotin-qizlar, tuman tibbiyot birlashmasi va adliya bo‘limi boshliqlarining vazifalari belgilab berildi.
Huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi borasidagi ishlarni kompleks tashkil etish maqsadida Ishchi guruh tomonidan tuman “Yo‘l xaritasi” va unga muvofiq tumandagi 4 ta mahallarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqilib tasdiqlandi va ijroga qaratildi.
Mazkur qarorlarning ijrosi doirasida viloyat va tumanlar kesimida mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda yangicha yondashuvlar asosida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimini tashkil etish bo‘yicha joriy yilning 2-choragi uchun “tuman – mahalla” kesimida “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi va ijroga qaratildi.
Shuningdek, tumandagi 23 ta mahallalarda 2026 yil 2-choragi uchun tuzilgan “yo‘l haritalar”ini qayta ko‘rib chiqib, hududlarda sodir etilgan jinoyatlar va huquqbuzarliklarni tuman ishchi guruhi tomonidan tahlil qilib, hudud va jinoyatchilikdan kelib chiqqan holda manzilli va ta’sirchan tadbirlar belgilab olindi.
Qadrli tumanimiz ahli!
Jinoyat qurboni bo‘lib qolmaslik maqsadida, avvalo extiyotkorlikka rioya qilishimiz, turli aldovlarga ishonib qolmasligimiz lozim.
Notanish shaxslarning tekshirilmagan va ishonchsiz va’dalariga ishonib qolmang, shaxsiy hisoblaringiz haqida ma’lumotlarni berib qo‘ymang, mol-mulkingiz, binolaringiz, xonadonlaringizni qarovsiz qoldirmang, bu borada yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanishga e’tibor qarating.
Albatta, tumanimizda jinoyatchilikning oldini olishda eng avvalo, Siz jonkuyar va vatanparvar xalqimizga, Sizlarning amaliy yordam hamda hamkorligingizga tayanamiz.
Bu borada qonunga itoatkorlik xissini oshirishimiz, yaqinlarimizni ham shunga chorlashimiz asosiy ko‘maklardan biri bo‘lib hisoblanadi.
Agarda har bir fuqaro yurtimizni jinoyatdan holi, tinch va xavfsiz o‘lkaga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shsa, shu yo‘lda muhtaram Prezidentimizga yelkadosh bo‘lib harakat qilsak, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni barpo etamiz.
E’tiboringiz uchun rahmat!
