ZARBDOR TUMAN PROKURORI RAVSHAN MASHARIPOVNING TUMAN AHLIGA MUROJAATI!
2025-12-03 18:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Qadrli otaxon va onaxonlar !
Aziz yoshlar !
Hurmatli Zarbdor tumani aholisi !
So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich rahbarligida “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi asosida hududlarni ijtimoiy - iqtisodiy rivojlantirish, aholi yashash sharoitlari hamda mahallalar qiyofasini tubdan yaxshilash, aholining muammolarni tezkorlik bilan hal etish, bir so‘z bilan aytganda, xalqni rozi qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuni ta’kidlash joizki, barcha idora va tashkilotlar hamda xalqimiz bilan birgalikda barcha sohalarda qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ishlar davom ettirilmoqda.
Jumladan, amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilgan choralar natijasida tumanimizda o‘tgan 11 oy davomida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 15 foizga, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l tarsport hodisasi 75 foiz, mastlik holatida sodir etilgan jinoyatlar 42 foizga kamayishiga, o‘ta og‘ir toifadagi jinoyatlarining barqaror saqlanishiga erishildi.
Voyaga yetmaganlar va ishlamaydigan shaxslar tomonidan jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Biroq, yaratib berilgan imkoniyatlarga qaramasdan ayrim shaxslar noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish, fuqarolarni aldash va boshqa vositalar orqali ularning mol - mulkini egallash, o‘zaro janjal oqibatida tan jarohati yetkazishga jinoyatlariga qo‘l urmoqda.
O‘tgan davrda, tumanimizda 4 ta yengil tan jarohati yetkazish, 6 ta o‘g‘rilik, 5 ta firibgarlik, 51 ta kiberjinoyatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani buning yaqqol isboti.
Shuningdek, yo‘llarda avtomashinalar soni kundan - kunga ortib, haydovchilarning mas’uliyatini oshirmoqda.
Biroq, ayrim haydovchilar yo‘l belgilari, yo‘l qoidalariga rioya etmasdan o‘zboshimchalik bilan tezlikni oshirgani yoki haydovchilik guvohnomasi yo‘q fuqarolarga avtomashinani boshqarishga noqonuniy ruxsat bergani natijasida, jami 7 ta ta yo‘l - transport hodisasi sodir etilganligi ayanchli, albatta !
Hurmatli yurtdoshlar !
Tumanimizda mas’ul idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda yangi tadbirlarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, jinoyatlarning oldini olish, tumanda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash bo‘yicha kuchaytirilgan ish tartibi joriy etildi.
Shu maqsadda, joriy yilning o‘tgan davrida mahallalardagi aholi gavjum joylar va ko‘chalarga 29 ta, ko‘p qavatli uylarning hovlilariga 1 ta, savdo markazlari va bozorlarga 4 ta, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari kirish - chiqish joylariga 5 ta yuzni va avtoraqamlarni tanib oluvchi kameralar o‘rnatildi.
Mahallalardagi ko‘p qavatli va yakka tartibdagi 896 ta xonadonlar texnik qo‘riqloviga olindi, ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklari oldiga 12 ta tashvish tugmalari o‘rnatildi.
Shu kabi, mahallalarda 60 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak”va 24 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha”lar tashkil etildi.
Natijada, mazkur tadbirlar kirminogen vaziyatni nazorat qilish, sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha shaxslarni tezkorlik bilan izlab topish hamda jinoyatga jazo muqarrarligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Bundan tashqari, sodir etilgan jinoyatlarni har kuni tezkor tahlil qilib, manzilli tadbirlarni belgilash, kunlik so‘rov va nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi.
O‘tgan davr mobaynida mahallalarda sodir etilgan jinoyatlarning asl sabablari, shart-sharoitlari va omillari tahlil qilinib, bu borada o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagan, e’tiborsizlik va loqaydlikka yo‘l qo‘ygan 10 nafar mas’ul xodimlarning intizomiy javobgarlik masalasi hal qilindi.
Shu bilan birgalikda, tergov sifati yanada oshiriladi, bu jarayonlarda inson huquq va erkinliklari poymol etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qaysi idorada bo‘lmasin, har bir tekshiruv hamda tergov ishi prokurorlarning kundalik va qat’iy nazoratida bo‘ladi.
Jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini shakllantirishning barcha choralarini ko‘ramiz.
Aziz Zarbdorliklar !
Albatta, tumanimizda jinoyatchilik va korrursiyaning oldini olishda, umuman barcha sohalarda qonuniylikni ta’minlashda, eng avvalo, mahalla ahli, yoshlar va nuroniy tashkilotlar faollariga, turli mehnat jamoalaridagi jonkuyar va vatanparvar insonlarga, ularning amaliy yordami va hamkorligiga tayanamiz.
Agarda har bir fuqaro tumanimizni jinoyatdan, korrupsiyadan holi, tinch va xavfsiz o‘lkaga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shsa, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, birgalikda kurashsak ko‘zlangan maqsadga albatta erishamiz.
Qadrli tumanimiz aholisi !
Jinoyatchilikning oldini olishda har birimiz xushyorlikni oshirishimiz, shubhali internet ilovalariga kirmaslik, notanish shaxslarga hisob raqamlar va tasdiqlash kodlarini bermaslik, mol - mulklarni qarovsiz qoldirmaslik lozimligi haqida yana bir bor ogohlantirib o‘tmoqchiman.
Qonunlarga qat’iy rioya etish, o‘zgalar huquqi, sha’ni va qadr qimmatini, mol - mulki daxlsizligini hurmat qilish, oila mustahkamligini ta’minlash, jamiyatda yurish - turish qoidalariga rioya qilish, ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanini ham doimo yodda tutishimiz zarur.
Aziz yurtdoshlar, keling, barchamiz shu yo‘lda muhtaram Prezidentimizga yelkadosh bo‘lib, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik !
Ravshan Masharipov,
Zarbdor tuman prokurori.
