Korrupsiyaga qarshi kurash mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
2025-09-24 20:25:00 / Yangiliklar
Joriy yilning 24-sentabr kuni Zarafshon shahrida muhim tadbir – korrupsiyaga qarshi kurash va iqtisodiy jinoyatlarning oldini olishga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Tadbir Zarafshon shahar madaniyat bo‘limiga qarashli “Yoshlar” madaniyat saroyida shahar hokimligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudi hamkorligida o‘tkazildi.
Davra suhbatida turli tashkilot va idoralar – shahar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi, Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi AJ shahar elektr ta’minoti korxonasi, “Navoiy suv ta’minoti” AJ shahar bo‘limi, “Zarafshonshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi, “Issiqlik manbai” DUK Zarafshon filiali, Kadastr agentligining shahar bo‘limi, Davlat kadastrlari palatasining shahar filiali, shuningdek shahar obodonlashtirish boshqarmasi rahbar hamda xodimlari faol ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida muhokama qilingan asosiy mavzu – korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarning jamiyat rivojiga ko‘rsatadigan salbiy ta’siri bo‘ldi. Ayniqsa, qurilish va muhandislik sohalarida qonunbuzarliklarning oldini olish, jinoyat sodir etilgan taqdirda esa jazoning muqarrarligi prinsipi qat’iy tatbiq etilishi ta’kidlandi. Ishtirokchilarga noqonuniy xatti-harakatlar sud organlari tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi va muqarrar chora-tadbirlar qo‘llanishi haqida tushuntirishlar berildi.
Tadbir yakunida esa kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalasi ham muhokama qilinib, mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.





