Aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, oilalardagi ijtimoiy muammolarning oldini olish hamda mahallalar obodligini ta’minlash — Zarafshon shahrida amalga oshirilayotgan ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
2026-10-08 18:40:00 / Yangiliklar

Bugun Zarafshon shahar hokimligida Zarafshon shahar hokimi, Xalq deputatlari Zarafshon shahar Kengashi deputati Nazirbek Rahmanov raisligida ushbu yo‘nalishlardagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda shahar hududidagi mahallalarda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, fuqarolarning daromadlarini oshirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda migratsiyaga ketgan fuqarolar bilan manzilli ishlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, oilalardagi ijtimoiy muammolarni barvaqt aniqlash, tazyiq va zo‘ravonlik, erta turmush hamda oilaviy ajrimlarning oldini olish borasidagi ishlarni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ko‘chatlarini ekish, tozalik va ozodalikka rioya etish, shuningdek, muammoli va og‘ir toifadagi mahallalar bilan ishlash samaradorligini oshirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Yig‘ilish davomida har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilanib, mahallalarda mavjud muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rganish, ularni manzilli va o‘z vaqtida hal etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.









