Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qiladigan xalqchil va adolatli sud tizimini shakllantirishga qaratilgan “Odil sudlov - 2030” strategiyasi tasdiqlandi.
2026-09-25 19:20:00 / Yangiliklar

Strategiya 6 ta ustuvor yo‘nalishga tayanadi: “xalqchil sud”, “adolat qo‘rg‘oni”, “kafolatlangan adolat”, “adolat posbonlari”, “raqamli odil sudlov” va “xalqaro e’tirof”.
📌 Strategiyada nimalar o‘zgaradi?
🔹 Odil sudlovdan foydalanish imkoniyati kengayadi.
2027-yil 1-iyuldan ayrim sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan hududlararo sudlar tashkil etiladi.
🔹 Sudlar fuqarolarga yanada yaqinlashadi.
2027–2030-yillarda aholi soni, sudlarning ish yuklamasi va olis hududlarda yashovchi fuqarolar manfaatlaridan kelib chiqib, fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarini bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan.
🔹 Tergov ustidan sud nazorati kuchaytiriladi.
2027-yil 1-iyuldan tergov sudyalariga shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligini, shuningdek, unga nisbatan gumon yoki ayblov qo‘yish uchun asoslar yetarliligini tekshirish bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlar beriladi.
🔹 Sud amaliyotida bir xil yondashuv ta’minlanadi.
Oliy sud Prezidiumining yagona sud amaliyotini shakllantiruvchi qarorlarini ochiq e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi.
🔹 “Raqamli odil sudlov” yanada rivojlantiriladi.
2027-yil yakuniga qadar my.sud.uz portali takomillashtirilib, yangi mobil ilova ishga tushiriladi. Protsessual hujjatlarni tayyorlash soddalashtiriladi, sud hujjatlarini izlash imkoniyatlari kengaytiriladi.
🔹 Sud ma’murchiligida yangi yondashuv joriy etiladi.
2028-yildan iqtisodiy ishlarni “proaktiv boshqarish” standarti tatbiq etiladi. Bu ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirish, iqtisodiy nizolarni tezkor va adolatli hal etish hamda sud ishlari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
✔️Zamonaviy sud tizimining mezoni - faqat qabul qilingan qarorlar soni emas. Uning asosiy mezoni - inson sudga murojaat qilganda adolat qaror topishiga ishonch hosil qilishi.
