Zarafshon shahar hokimining Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan bayram tabrigi
2026-05-27 08:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Avvalo, shahrimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni butungi muborak ayyom – Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Muhtaram Prezidentimizning “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan 27-may kuni Qurbon hayiti bayrami etib belgilanganligini xalqimiz katta quvonch bilan qarshi oldi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda: Xalqimiz hayotida ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat va olijanoblik ramzi sifatida mustahkam qaror topgan Qurbon hayiti bugungi kunda biz uchun barcha sohalarda inson qadri yetakchi o‘ringa chiqayotgan Yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar mazmuniga naqadar uyg‘un va hamohang ekani bilan yanada ahamiyatli bo‘lib bormoqda.
Buning isboti o‘laroq Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarorga asosan ko‘plab xayrli va savobli ishlar amalga oshirilishi xususan, og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan bolajonlarda jarrohlik amaliyotini o‘tkazish, onkologik, gemotologik va onkogematologik tashxis qo‘yilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, ularni davolash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish, bemorlarda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotini o‘tkazish, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning omonat hisob varaqlariga 200 AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotini o‘tkazish, 500 ta masjidda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida ularda zamonaviy tahoratxonalar qurish, rekonstruksiya qilish yoki ta’mirlash hamda joylardagi qabristonlarni obod qilish belgilangan.
Mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlar uchun qariyb 700 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘ ajratilib “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali moliyalashtiriladi.
Jonajon Zarafshonimizda ham ushbu qarorga asosan:
-
davlat ta’minotidagi oilalar va yakka yolg‘iz 131 nafar fuqarolarga oziq-ovqat jamlanmalari ulashildi;
-
ijtimoiy himoyaga muhtoj 21 nafar bolalarning omonat hisob varaqlariga 200 AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti o‘tkazib berildi;
-
17 nafar onkologik, gemotologik va onkogematologik tashxis qo‘yilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, ularni davolash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun vaucherlar topshirildi.
Ushbu muborak kunlarda ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar, yolg‘iz keksalar, nogiron hamda aholining ehtiyojmand qatlamidan hol-ahvol so‘rash, ularga beg‘araz muruvvat yordami ko‘rsatish milliy qadriyat sifatida keng quloch yozdi. Jumladan, Zarafshonda ham ana shunday xayrli tadbirlar amalga oshirilib, bayram munosabati bilan quvonch va shodlik ulashilmoqda. Xususan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi moddiy yordamlari va bayram sovg‘alari shaxsan hokim va mutasaddilar tomonidan fuqarolarga topshirildi.
Ushbu savobli amallar yurtimizda inson qadri naqadar ulug‘ligi, har bir fuqaro davlat e’tiborida ekanligining yorqin namunasidir.
Aziz do‘stlar!
Ming shukrki, istiqlol yillarida xalqimizning muqaddas Haj va Umra ziyoratlarini ado etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida jami 28 nafar fuqarolarimiz Umra ziyoratini ado etishdi. Shuningdek, hozirgi kunda Haj safariga 17 nafar hoji ota va hoji onalarimiz borib xalqimiz uchun duoda bo‘lib turibdilar.
Qadrli hamshaharlar!
Dunyoda notinchlik, tartibsizliklar yuz berayotgan bugungi kunda yurtimiz mo‘min-musulmonlari ushbu bayramni tinchlik-omonlikda, bag‘ributunlikda, musaffo osmon ostida nishonlayotgani uchun Yaratganga shukur aytishimiz lozim. Allohning rahmati va fazli yer yuziga mo‘l-ko‘l yog‘iladigan bugungi kunda qo‘llarimizni ochib ushbu tinchlikni saqlashda, xalq farovonligi, yurt rivoji yo‘lida tinmay mehnat qilayotgan Yurtboshimiz boshchiligidagi barcha soha hodimlari haqqiga duo qilaylik.
Barchangizni muborak Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Mana shunday fazilatli damlarda elu yurtimiz haqqiga qilgan ezgu niyat va tilaklarimiz ijobat bo‘lsin!
Xonadonlarimizda fayzu baraka tinchlik va osoyishtalik arimasin!
E’tiboringiz uchun rahmat!
