TABRIK
2026-05-25 08:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Avvalo, sizlarni hayotingizdagi eng unutilmas va mas’uliyatli pallalardan biri — maktabni tamomlayotganingiz bilan samimiy tabriklayman. Sizlar nafaqat bitiruvchilik shahodatnomasini qo‘lga kiritmoqdasiz, balki mustaqil hayot sari ilk qadamni qo‘ymoqdasiz.
Yurtimizda yoshlarga bo‘lgan e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Hurmatli Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek: “Birinchi va ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan bo‘lsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda. Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga qodirsiz. Sizlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz”. Bu yuksak ishonch, avvalo, sizlarning bilimingiz, intilishingiz va kelajakka bo‘lgan qat’iy ishonchingiz bilan bog‘liq.
Bugungi kunda sizlar uchun oliy ta’limda tahsil olish, zamonaviy kasb-hunarlarni egallash, chet tillari va axborot texnologiyalarini o‘rganish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Endi oldingizda katta maqsadlar, yangi orzular va muhim tanlovlar turibdi.
Aziz yoshlar!
Zarafshon shahri yoshlari ta’lim sohasida yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Bugun ta’lim sohasida erishilayotgan yutuqlarimiz alohida e’tirofga loyiq.
Joriy yilda iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan fan olimpiadasining respublika bosqichida 13-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi Zohidova Zilola tarix fanidan faxrli II o‘rinni egalladi.
Zarafshon shahri yoshlarining oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichlari yil sayin yuqori natijalarni qayd etmoqda. Bu esa yoshlarimiz orasida ta’limga bo‘lgan qiziqish, izlanish va raqobat muhiti tobora kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, bitiruvchilarimiz orasida milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritayotgan yoshlar sonining ortib borayotgani quvonarli holdir.
Xususan, o‘tgan o‘quv yilida xorijiy til bilish sertifikatiga ega o‘quvchilar soni 579 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich qariyb 51 foizga oshib 874 nafarga yetdi.
Shuningdek, xalqaro SAT sertifikatiga ega o‘quvchilar soni 32 nafarni tashkil etmoqda. Shundan 3-maktabdan Abduhakimov Aydamir SAT imtihonidan 1540 ball va IELTS dan 8 ball, Temirbekov Talgat SAT 1530 ball, IELTS 7,5 ball va 10-sonli maktabdan Radjabov Temurxon SAT 1490 ball IELTS 8 ball, Madaminova Sevaraxon SAT 1510 ball, IELTS 7.5 ball yegallashi bugungi yoshlarimizning xalqaro ta’lim standartlari asosida bilim olishayotganini namoyon etadi.
E’tiborli jihati shundaki, bugungi yoshlarimiz nafaqat bitta, balki ikki va undan ortiq xorijiy tillarni ham mukammal o‘zlashtirmoqda. Jumladan, ingliz tili bilan bir qatorda koreys, turk tillarini chuqur o‘rganayotgan yoshlarimiz soni joriy yilda 29 nafarni tashkil etdi. Shu bilan birga, xorijiy tillarni erta yoshdan o‘rganish tendensiyasi ham kuchaymoqda. Masalan, 12–13 yoshli 37 nafar o‘quvchimiz ingliz tili bo‘yicha B2 darajadagi xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi.
Joriy yilning o‘zida 248 nafar o‘quvchilar xalqaro IELTS sertifikatini qo‘lga kiritdi. Demak, Zarafshon yoshlari o‘z ustida ishlashdan to‘xtamayapti, o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ymoqda.
Ayniqsa, joriy yilda 189 ball to‘plab, muddatidan oldin talaba bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan 45 nafar yoshlarimiz — barchamiz uchun yuksak g‘urur va iftixor manbaidir.
Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida tashkil etilgan “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi doirasida Zarafshon shahridagi 3-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchilari Abduhakimov Aydamir va Temirbekov Talgat kabi iqtidorli yoshlarimizning xorijiy davlatlardagi nufuzli University of Oxford va Harvard University kabi oliy ta’lim muassasalariga grant asosida talabalikka qabul qilinish yo‘lidagi dastlabki yutuqlari barchamiz xursand qilmoqda. Zarafshon shahridan ushbu ikki nafar o‘quvchi yaqin kunlarda ikki haftalik yozgi lager dasturida ishtirok etish hamda dunyoning TOP-30 taligidan o‘rin olgan nufuzli universitetlari faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida AQSHga yo‘l oladi.
Shuningdek, “Yilning eng yaxshi faol maktabi” ko‘rik-tanlovida 13-sonli maktabning 5-11-sinf o‘quvchilaridan 1761 nafar o‘quvchi Coursera platformasining xalqaro sertifikatlarini qo‘lga kiritib, maktab jamoasi avtomobil bilan, bundan tashqari, 10-11-sinflarning 3 nafar o‘quvchisi noutbuk bilan taqdirlandi.
Bu natijalar nafaqat mazkur o‘quvchilarning, balki ularning ota-onasi, ustozlari va butun Zarafshon shahrining yutug‘idir. Eng muhimi, bu kabi yutuqlar boshqa yoshlarimiz uchun ham katta motivatsiya va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Sport yo‘nalishida ham Zarafshon yoshlari faol. Respublika musobaqalarida, hududiy chempionatlarda yuqori natijalar qayd etilmoqda. Jumladan, 2-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi Narzullayev Aziz 2025 yilda Abu Dabi shahrida bo‘lib o‘tgan Muay Thai (jang san’ati) bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etib 1-o‘rinni, 13-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi Hamzayev Shaxzod shaxmat bo‘yicha O‘rta Osiyo kubogida 1-o‘rinni, 2-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Oydinova Charos Taekwondo WT sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqaning respublika bosqichida 1-o‘rinni, Kurash sport turidan U-13 O‘zbekiston chempionatida Zarafshon shahar sport maktabi tarbiyalanuvchisi Komilova Oydinoy faxrli 1-o‘rinni egallashdi.
Qadrli bitiruvchi yoshlar!
Qaysi sohani tanlamang, yurtga foyda keltiradigan, halol va bilimli inson bo‘lib yetishing. Maktabda olgan bilim va tarbiyangiz sizlarni har doim yuksak marralar sari yetaklasin!
E’tiboringiz uchun rahmat!
