ZAFAROBOD TUMANIDA GIYOHVANDLIKKA QARSHI KURASHISH HAFTALIGI BOSHLANDI
2026-09-24 13:05:00 / Yangiliklar

Zafarobod tumanida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar noqonuniy tarqalishining oldini olish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda giyohvandlikning oldini olish borasidagi profilaktik ishlarni yanada kuchaytirishga qaratilgan giyohvandlikka qarshi kurashish haftaligi boshlandi.
Haftalik doirasida aholi, ayniqsa, yoshlarning giyohvandlik vositalarining inson salomatligi va jamiyatga salbiy ta’siri, uning huquqiy oqibatlari haqidagi bilim va tushunchalarini oshirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari tashkil etiladi. Shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom va xavfsiz muhitni shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 23-sentyabr kuni Zafarobod tumani hokimligi majlislar zalida Jizzax viloyati ishchi guruhi rahbarligida tuman komissiyasi a’zolari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-207-sonli Farmoni talablari ijrosining joylardagi holati, shuningdek, giyohvandlikning oldini olish va unga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
Mas’ullarning bu boradagi axborotlari tinglanib, mavjud muammolar va aniqlangan kamchiliklar tahlil qilindi. Ularni bartaraf etish, profilaktik ishlarning samaradorligini oshirish hamda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Mas’ullarga giyohvandlikning oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlarni yanada kuchaytirish, yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ta’lim muassasalari, mahallalar hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida targ‘ibot tadbirlarini muntazam tashkil etish yuzasidan tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Haftalik doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda giyohvandlikning inson salomatligi, oila farovonligi va jamiyat barqarorligiga salbiy ta’sirining oldini olish, yoshlarni zararli illatlardan asrash hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Giyohvandlikka qarshi kurashish — jamiyat salomatligini asrash, yoshlar kelajagini himoya qilish va sog‘lom avlodni tarbiyalashning muhim shartidir.
