KECHKI KARTOSHKA, AVGUST-SENTABR PIYOZI VA SARIMSOQPIYOZ HAMDA TO‘QSONBOSTI USULIDA QISHLOQ XO‘JALIGI EKINLARINI EKIB, SALMOQLI DAROMADGA EGA BO‘LING VA XALQIMIZ DASTURXONINI TO‘KIN QILISHGA MUNOSIB HISSA QO‘SHING!
2026-08-13 17:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi
hamda O‘zbekiston fermerlari kengashining
tomorqa yer egalari, dehqon va fermer xo‘jaliklariga
MUROJAATI
Hurmatli tomorqa yer egalari, dehqon va fermerlar!
Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash – aholi farovonligini oshirishning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Bir yilda ikki-uch marta hosil olish imkonini beradigan betakror iqlimimiz va unumdor tuprog‘imizning qadriga yeting: har bir qarich yerdan oqilona foydalangan holda kartoshka, sarimsoqpiyoz va to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini ekib, dasturxonimizni yanada to‘kin qilishga munosib hissangizni qo‘shing.
Tomorqa yerlari, bog‘ qator oralari va dala chetlariga ekinlar eking. Bunda, davlatimiz rahbarining Farmon va qarorlari bilan belgilangan hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining quyidagi imtiyozlaridan foydalaning:
– yerdan samarali foydalanib, bir sotixdan 5 million so‘mdan yuqori rasmiy daromad toping va yer solig‘ining 90 foizini «keshbek» tarzida qaytarib oling;
- tomorqangizda eng namunali va innovatsion loyiha uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan oshmagan miqdorda grantlar yutish imkoniyatidan foydalaning;
- usta dehqonlar tomonidan qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil eting va har bir kurs uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravarigacha miqdorda subsidiya oling;
- mahallangizda 50 foiz xonadonlarning tomorqasida eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashib, 100 million so‘mgacha subsidiya oling;
- tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, quritish, saqlash va qadoqlash loyihalari uchun
7 yilgacha muddatga 18 foiz stavkada kreditlar oling;
- ixcham muzlatkichli omborxonalar, qadoqlash, quritish va qayta ishlash uskunalari, tayyor holdagi issiqxonalar uchun 5 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga oling;
- aholi tomorqalarida samarasiz eski bog‘larni rekonstruksiya qilish va yangilarini barpo etish uchun subsidiyalar oling;
- suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlarda yer uchastkalarini sug‘orish uchun tik quduqlarni burg‘ilash, ishga tushirish uchun subsidiya oling;
- suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanib, tomorqa yer maydonlarida serhosil va yuqori daromadli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiring;
– kengash huzuridagi tomorqachilikni rivojlantirish tajriba maydonchalarida tomorqadan samarali foydalanish va yuqori hosil olish bo‘yicha aholini bilim va ko‘nikmalarini oshiring;
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi sabzavotchilik ilmiy tadqiqot instituti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan qo‘llanmadan foydalinib yuqori hosil olishga erishing.
Tomorqa yer maydonlari hamda dehqon xo‘jaliklariga ijaraga berilgan yerlarda ekin to‘liq ekilmagan yoki qarovsiz qoldirilgan holatlarda:
- tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklariga davlat dasturlari doirasidagi imtiyozli kreditlar berilmaydi;
- ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan fuqarolar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar to‘xtatiladi;
- «Onlayn mahalla» elektron platformasi ma’lumotlari asosida ekin ekilmaganligi aniqlangan yil uchun yer solig‘i stavkasi uch karra miqdorida hisoblanadi.
Qadrli tomorqa yer egalari, dehqon va fermerlar!
Keling, mas’uliyatimizni yanada oshirib, tomorqa yerlariga, bog‘ qator oralari va dala chetlariga kartoshka, piyoz, sarimsoqpiyoz va to‘qsonbosti ekinlarini o‘z vaqtida ekishni tashkil etaylik. Buning uchun quyidagi tadbirlarni amalga oshirish tavsiya etiladi:
Kechki kartoshka yetishtirishda:
- kechki kartoshka uchun yerni ekin qoldiqlaridan tozalang, talab etilgan chuqurlikda shudgorlab, ekish uchun ariq egatlarini tayyorlang;
- yerning haroratini inobatga olib ekishni tashkil eting;
- suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanib, 1-2 suv oralig‘ida mineral o‘g‘itlarni tavsiya etilgan miqdorda solish yuqori hosil yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi;
- kartoshkani parvarishlashda rivojlanish fazasini doimiy nazoratga oling (tananing o‘sib borishi va barglar rangini o‘zgarishiga ahamiyat berish);
- gullash davridan avval zararkunandalar (kolorado qo‘ng‘izi, sim qurti va boshqalar)ga qarshi kimyoviy ishlov berishni unutmang;
- kartoshka gullagandan so‘ng suvni belgilangan meyorida berishga ahamiyat bering;
- kuz oylarida qisqa muddatli sovuq xavo yuzaga kelganda, ustini plyonka (duga qilib) yoki agrovolokna (agrotola mulcha) bilan yoping.
Avgust-sentabr piyozi, sarimsoqpiyoz yetishtirishda:
- yerni ekin qoldiqlaridan tozalang, talab etilgan chuqurlikda shudgorlab, yerni ekishga tayyorlang;
- piyoz va sarimsoqpiyozni sentabr oyi ichida ekish yetarli ko‘chat olish va ko‘chatlarni yaxshi ildiz chiqarishida muhim ahamiyat kasb etadi;
- suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalaning;
- o‘simliklarni parvarishlashda rivojlanish fazasini doimiy nazoratga oling, begona o‘tlardan toza tuting;
- ekinlarni kasallik va zararkunandalardan samarali himoya qiling, mineral va organik o‘g‘itlardan belgilangan meyorda foydalanib, yuqori hosil va qo‘shimcha daromadga erishing.
To‘qsonbosti usulida sabzavotlar yetishtirishda:
To‘qsonbosti usuli nafaqat yaxshi daromad manbai, balki aholining qish va bahor oylaridagi sabzavot ehtiyojini qondirib, bozorlarimizda barqaror narx va to‘kinlikni ta’minlashning ham muhim omilidir.
- yerni oldingi ekin qoldiqlaridan tozalab, talab etilgan chuqurlikda shudgorlab, ekishga tayyorlang;
- kuzda sovuq va namgarchilik boshlanishidan oldin to‘qsonbosti usulida ekish uchun sovuqqa chidamli — sabzi, ko‘k piyoz, osh lavlagi, karam va turli ko‘kat (ismaloq, ukrop, petrushka, selderey, kashnich, salat) urug‘larini tayyorlab, kechiktirmasdan eking;
- urug‘larni tavsiya etilgan meyor va chuqurlikda ekib, dastlabki suvni o‘z vaqtida bering;
- ekinlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qiling, begona o‘tlardan toza tutib, yuqori hosilga erishing.
Hurmatli tomorqa yer egalari, dehqon va fermerlar!
Barchangizni tomorqa yerlaridan, bog‘ qator oralari va dala chetlaridan unumli foydalanib, kartoshka, avgust-sentabr piyozi, sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlashga chaqiramiz.
Esingizda bo‘lsin, bugungi harakat – ertangi to‘kinlik va farovon hayotimizning mustahkam poydevoridir! Yerimiz barakali, rizqimiz but, xonadonlarimiz hamisha tinch va obod bo‘lsin!
Iqtisodiyotimizni yuksaltirish va ona yurtimizni yanada obod etish yo‘lida munosib hissangizni qo‘shing — qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘z muddatida eking va yuqori hosilga erishing!
O‘zbekiston Respublikasi
Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston fermerlari kengashi
