Zafarobod tumanida yoshlarga ajratilgan yerlardan samarali foydalanilmoqda
2026-07-16 10:30:00 / Yangiliklar

Zafarobod tumani Lolazor mahallasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan PF-153-sonli Farmon ijrosi doirasida yoshlarga ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur tashabbus yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik va dehqonchilik faoliyatiga keng jalb etish, daromad manbalarini ko‘paytirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirishga xizmat qilmoqda.
Jumladan, Lolazor mahallasida istiqomat qiluvchi Yaxshibekov Normurod Odirboy o‘g‘li o‘ziga ajratilgan 1 gektar yer maydonida qovun ekinini parvarishlab, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirdi. Uning mehnati natijasida qovun hosili bugungi kunda pishib yetildi va yig‘im-terim ishlari boshlandi.
Yosh dehqon ushbu hosildan yuqori daromad olishni rejalashtirgan bo‘lib, yetishtirilgan mahsulotni ichki bozorlarga yetkazib berish orqali oilaviy daromadini yanada oshirishni maqsad qilgan. Bu kabi tashabbuslar yoshlarning mehnatsevarligi, yerga bo‘lgan e’tibori va davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanayotganining yaqqol namunasidir.
Zafarobod tumanida PF-153-sonli Farmon ijrosi doirasida yoshlarga ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Bu esa yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
