Zafarobod tumanida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi
2026-07-11 09:00:00 / Yangiliklar

Zafarobod tumani hokimi G‘ayratjon Eshpulatov, tuman prokurori Husniddin Bektemirov hamda tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Elyor Axmedov ishtirokida Lolazor mahallasida fuqarolar uchun navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
Mazkur sayyor qabul aholi murojaatlarini joyida o‘rganish, mavjud muammolarni tezkor bartaraf etish, fuqarolarni qiynab kelayotgan masalalarga amaliy yechim topish hamda davlat organlari va aholi o‘rtasidagi ochiq muloqotni yanada mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.
Qabul davomida fuqarolar tomonidan bandlik, ichimlik suvi, elektr ta’minoti, yo‘l infratuzilmasi, kadastr, ijtimoiy yordam hamda boshqa dolzarb masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi. Har bir murojaat mas’ullar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqilib, ularni hal etish yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi. Ayrim masalalar joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan murojaatlar ijroga olinib, ularning bajarilishi qat’iy nazoratga olindi.
Bunday sayyor qabullar aholining muammolarini o‘z vaqtida hal etish, xalq bilan ochiq va samarali muloqotni ta’minlash hamda fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
