Zafarobod tuman prokurori Xusniddin Bektemirovning tuman aholisiga murojaati
2026-06-02 20:30:00 / Yangiliklar

Qadrli otaxon va onaxonlar !
Aziz yoshlar !
Hurmatli Zafarobod tumani aholisi!
So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich rahbarligida “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi asosida hududlarni ijtimoiy - iqtisodiy rivojlantirish, aholi yashash sharoitlari hamda mahallalar qiyofasini tubdan yaxshilash, aholining muammolarni tezkorlik bilan hal etish, bir so‘z bilan aytganda, xalqni rozi qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuni ta’kidlash joizki, barcha idora va tashkilotlar hamda xalqimiz bilan birgalikda hamma sohalarda qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilgan choralar natijasida tumanimizda o‘tgan 5 oy davomida qotillik, nomusga tegish, og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlari, bosqinchilik, talonchilik, bezorilik jinoyatlari sodir etilishining oldi olindi. Biroq, yaratib berilgan imkoniyatlarga qaramasdan ayrim shaxslar noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish, fuqarolarni aldash va boshqa vositalar orqali ularning mol-mulkini egallashga urinishmoqda.
Ayniqsa, internet tarmog‘idan foydalangan holda fuqarolarga har xir turdagi ta’sir o‘tkazish orqali hisob raqamlaridagi pul mablag‘larini egallash holatlari ko‘plab uchramoqda.
O‘tgan davrda, tumanimizda jami 51 ta jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, 7 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar shulardan, 1 ta o‘g‘rilik (169-modda), 2 tasi tan-jarohati yetkazish, 1 tasi firibgarlik hamda 1 tasi o‘lim bog‘liq YTH bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani buning yaqqol isboti.
Bundan tashqari, ayrim fuqarolarimizning beparvoligi oqibatida o‘zlariga tegishli mol – mulklar, texnika vositalari, chorva mollari yoki uy atroflarini qarovsiz qoldirgani oqibatida o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilishiga imkoniyat yaratib berayotgani ham ayni haqiqat.
Buning oqibatini tumanda 1 ta o‘g‘rilik jinoyatlari qayd etilganidan ko‘rishimiz mumkin.
Hurmatli yurtdoshlar!
Tumanimizda mas’ul idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda quyidagi yangi tadbirlarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qilmoqchiman.
Jumladan, jinoyatlarning oldini olish, tumanda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash bo‘yicha kuchaytirilgan ish tartibi joriy etildi.
Natijada, mazkur tadbirlar kirminogen vaziyatni nazorat qilish, sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha shaxslarni tezkorlik bilan izlab topish hamda jinoyatga jazo muqarrarligi ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Bundan tashqari, sodir etilgan jinoyatlarni har kuni tezkor tahlil qilib, manzilli tadbirlarnibelgilash, kunlik so‘rov va nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birgalikda, tergov sifati yanada oshiriladi, bu jarayonlarda inson huquq va erkinliklari poymol etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qaysi idorada bo‘lmasin, har bir tekshiruv hamda tergov ishi prokurorlarning kundalik va qat’iy nazoratida bo‘ladi.
Bundan buyon korrupsiyaga qarshi kurashish borasida barcha davlat va nodavlat tuzilmalari, hokimliklar, keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqamiz, jamiyatning barcha qatlamlari salohiyatini birlashtirish yo‘lidan boramiz.
Jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini shakllantirishning barcha choralarini ko‘ramiz.
Aziz Zafarobodliklar !
Albatta, tumanimizda jinoyatchilik va korrupsiyaning oldini olishda, umuman barcha sohalarda qonuniylikni ta’minlashda, eng avvalo, mahalla ahli, yoshlar va nuroniy tashkilotlar faollariga, turli mehnat jamoalaridagi jonkuyar va vatanparvar insonlarga, ularning amaliy yordami va hamkorligiga tayanamiz.
Agarda har bir fuqaro tumanimizni jinoyatdan, korrupsiyadan holi, tinchva xavfsiz o‘lkaga aylantirishga o‘z
hissasini qo‘shsa, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, birgalikda kurashsak ko‘zlangan maqsadga albatta erishamiz.
Qadrli tumanimiz aholisi !
Jinoyatchilikning oldini olishda har birimiz xushyorlikni oshirishimiz, shubhali internet ilovalariga kirmaslik, notanish shaxslarga hisob raqamlar vatasdiqlash kodlarini bermaslik, mol-mulklarni qarovsiz qoldirmaslik lozimligi haqida yana birbor ogohlantirib o‘tmoqchiman.
Qonunlarga qat’iy rioya etish, o‘zgalar huquqi, sha’ni va qadr qimmatini, mol - mulki daxlsizligini hurmat qilish,
oila mustahkamligini ta’minlash, jamiyatda yurish-turish qoidalariga rioya qilish, ham qonuniy, ham insoniy burchimiz
ekanini ham doimo yodda tutishimiz zarur.
Aziz yurtdoshlar, keling, barchamiz shu yo‘lda muhtaram Prezidentimizga yelkadosh bo‘lib, qonun ustuvor, adolat
hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik !
Xusniddin Bektemirov
Zafarobod tuman prokurori
