CHO’LDAN VOHAGACHA: ZAFAROBODNING ZAFARLI QADAMLARI
2026-03-27 17:35:00 / Yangiliklar

Zafarobod tumani 1973-yilning 13-aprelida tashkil etilgan. Tuman janubda Jizzax, g‘arb va shimoli-g‘arbda Forish, shimolda Arnasoy, sharqda Paxtakor tumanlari bilan chegaradosh. Tuman relyefi asosan shimol tomonga pasayib boradigan tekisliklardan iborat, faqat tuman maydonining janubiy-g‘arbiy qismi Nurota tog‘lariga parallel holda joylashgan Baliqlitog‘ va Pistalitog‘ning shimoli-sharqiy etaklariga tutashib ketgan. Tumanda 10 ta qishloq fuqarolar yig‘ini Samarqand, Bo‘ston, Cho‘liguliston, Yorqin, Pistalikent, Nurafshon, Lolazor, Uzun, Chimqo‘rg‘on, Birlik mavjud. Maʼmuriy markazi - Zafarobod shaharchasi.
Tumanning umumiy yer maydoni 0,52 ming km.kv. Aholisi 55,2 ming kishi (01.10.2025-y.). Ayni kunda tumandagi 8737 ta xonadonlarda 11268 ta oilalar istiqomat qilishadi. Iqtisodiy faol aholi 24 mingga yaqin bo‘lib, jami mehnat resurslari 29,5 mingni tashkil qiladi.
Tumanda ijtimoiy soha yo‘nalishida 20 ta maktab, 65 ta maktabgacha taʼlim muassasalari (shundan 53 tasi nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi), 12 ta sog‘liqni saqlash muassasalari, 96 ta sport obyektlari, 23 ta kutubxona, 2 ta madaniy meʼros obyektlari va 1 ta madaniyat va istirohat bog‘i faoliyat ko‘rsatadi.
Tumanning sanoat ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga oshib 2025-yilda 1,0 trilion so‘mni tashkil qildi. Tumanda 2 ta yirik va 124 ta kichik sanoat korxonalari va 2 ta sanoat zonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Keyingi yillarda tumanda yangi sanoat korxonalari ishga tushirilishi natijasida tumandagi 1,3 ming ishsizlarning soni har oyiga 100-120 nafarga qisqarib bormoqda.
Tumandagi suvdan uzoq, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi atrofi, ariq va zovurlarning himoyalangan hududidan tashqarisiga ekilgan daraxtlar, butalar va dehqonchilik uchun ekilgan mahsulotlarning yaxshi unib chiqishi, hosil berishi natijasida keyingi 2-3 yilda dehqonchilik 162,1 mlrd.so‘m (23,1 %) va chorvachilik 441,2 mlrd.so‘m (62,9 %) bo‘lishiga erishildi.
Qo‘chqor Hakimovning “Jizzax viloyati toponimlari” nomli monografiyasida keltirilishicha Zafarobod tuman 12-aprel, yaʼni kosmonavtlar kunida tashkil etilganligi uchun uning maʼmuriy markaziga dastlab “Uchqahramon” nomi berilgan. Sho‘ro davlati kosmonavt-uchuvchilari V.N.Volkov, V.I.Patsayev va G.T.Dobrovolskiylar xotirasini abadiylashtirish maqsadida tuman markaziga shu nom berilgan. Kosmonavt-uchuvchilar 1971-yil 6-iyun kuni “Soyuz-11” kemasida fazoga parvoz qilgan va “Salyut” ilmiy stansiyaga borib qo‘shilgan. 1971-yilning 30-iyun kuni belgilangan vazifani bajarib yerga qaytish vaqtida fazo kemasida vujudga kelgan nosozliklar (razgermetizatsiya) tufayli kema ekipaji halok bo‘lgan.
Mustaqillikdan keyin tuman Zafarobod va uning markazi nomi Zafarobod shaharchasi deb o‘zgartirildi. Zafarobod - rasmiy-maʼmuriy tarzda qo‘yilgan nomlar sirasiga kiradi. O‘zbekiston miqyosida qo‘riq va bo‘z yerlarda, cho‘lda tashkil etilgan bir qancha aholi punkti shu nom bilan atalgan. Zafarobod nomi ikki qismdan iborat: “zafar” arabcha “g‘alaba”,” fath”, “yutuq”, “muvaffaqiyat”; “obod” - baʼzi otlarga yoki ayrim sifatlarga qo‘shilib joy nomini yasaydigan, “obodonlashtirilgan”, “o‘zlashtirilgan”, go‘zal, chiroyli, tartibga solingan maʼnosidagi affiks so‘z. Obod - asli ob – “suv” so‘zidan kelib chiqqan degan fikr mavjud. Zafarobod - g‘alabalar, yutuqlar, muvaffaqiyatlar evaziga obod etilgan maskan, joy demakdir.
Tuman toponimiyasining asosiy qismini o‘zbekcha nomlar tashkil qiladi, shuningdek, qadimdan tumanning hozirgi cho‘l hududlarida turkiy qabilalar va qozoqlar yonma-yon yashab chorvachilik bilan shug‘ullanganliklari bois, biroz miqdorda qozoqcha nomlar ham uchraydi. Tuman joy nomlari tarkibida etnonimlar yo‘q, chunki mavjud aholi punktlari asosan Jizzax cho‘lini o‘zlashtirilishi natijasida paydo bo‘lgan. Ularda yashovchi mahalliy xalq respublika va viloyatning turli burchaklaridan ko‘chib kelishgan. Tuman toponimiyasining ichki xususiyatlaridan biri, aksariyat qishloqlar istiqlol yillarida qayta nomlandi, ular maʼmuriy-rasmiy tarzda berilgan bo‘lsa ham kishilarning ozod va obod turmushini, baxtli hayotini, orzu-istaklarini, intilishlarini ifoda etadi.
Tumanning shimoliy tekislik qismida Jizzax cho‘lini o‘zlashtirilishi natijasida paydo bo‘lgan oykonimlar asosan dehqonchilik madaniyati bilan bog‘liq. Cho‘liguliston, Lolazor, Gulzor, Chamanzor, Qutlug‘yo‘l kabi qishloqlar nomi yangi davr mahsuli hisoblanadi. Bu nomlar xalqning qaqrab yotgan cho‘lni obod qilib, dehqonchilikda erishgan yutuqlarining natijasi, yaʼni inson qo‘li bilan o‘zlashtirilib obod qilingan ma’noni anglatuvchi nomlardir.
Bu tur nomlarning paydo bo‘lishi xalqning yangi yerlarni o‘zlashtirishi, yangi qurilishlar majmuini bunyod qilishi kabi ijodkorlik, cho‘lquvarlik, yangi dehqonchilik manzillari yaratishi bilan bog‘liq. XX-asrda xalqning ommaviy bunyodkorlik faoliyati tufayli bu xil nomlar yaratildi. Tumanning tog‘oldi hududlarida xalqning tabiatga bo‘lgan munosabati, tabiiy hodisalarni anglash darajasi, turli xil landshaftlardan foydalanish imkoniyatlari kabi omillar joy nomlarining yaratilishida moddiy, ijtimoiy va lisoniy asos vazifasini bajargan.
Tuman hududida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining ajralmas qismi hisoblanuvchi Tuzkon ko‘li mavjud. Tuzkon viloyatning shimoliy tekislik qismida, tovoqsoy shaklidagi botiqda joylashgan O‘zbekistondagi yagona tabiiy ko‘l hisoblangan. Tuzkon Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining janubiy-sharqiy qismini egallaydi va Nurota tog‘ tizmalarining shimoliy etaklariga tutashadi. XX-asrning birinchi yarmigacha shu hududda yashovchi aholi qurib qolgan ko‘l va unga tutash hududdan tuz qazib olishgan va bu holat uning nomlanishiga ham asos bo‘lgan.
Aslida Tuzkon tabiiy sho‘r botiq bo‘lgan. 1960-yillargacha u mavsumiy ravishda to‘lib turadigan kichik sho‘r ko‘l bo‘lgan. O‘tgan asrning oltmish to‘qqizinchi yili yoqqan kuchli qor va undan keyingi yillardagi yog‘ingarchilikni ko‘p bo‘lishi natijasida Arnasoy-Aydarko‘l ko‘llar tizimida suv sathi ko‘ratila boshlagan. Qo‘shni Qozog‘iston hududidagi Chordara suv omboridan qish va bahor oylarida ortiqcha suvning tashlanishi, cho‘lning o‘zlashtirilgan yerlariga qishning chillasida beriladigan yaxob suvi va sug‘orish tizimlaridan keladigan kollektor-drenaj suvlari hisobiga u hozirgi yirik hajmga yetgan.
Tuzkon ko‘li o‘zining noyob tabiati va ekologik ahamiyati bilan alohida ajralib turadi. Ko‘l suvining minerallarga boyligi va tabiiy sho‘rligi baliqchilikni rivojlantirishga asos bo‘ladi. Shu sababli ko‘l va unga tutash hududlarda tabiiy purtlar va baliqchilik fermer xo‘jaliklari joylashgan. Bu yerda sazan, laqqa, oq amur, do‘ngpeshona va sudak kabi baliq turlari uchraydi.
Ko‘l atrofida cho‘l va yarim cho‘l landshaftlari ustunlik qiladi. Ko‘lning qirg‘oq bo‘ylarida asosan qamish, qo‘g‘a va sho‘radoshlar oilasiga mansub o‘simliklar keng tarqalgan. Cho‘l hududiga yaqin joylarda saksovul va yulg‘unzorlarni uchratish mumkin.
Tuzkon ko‘li xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan qushlar yashash joyi hisoblanadi. Migratsiya davrida bu yerda pushti birqozon (pelikan), flamingo, yovvoyi o‘rdak va g‘ozlarni uchratasiz. Shuningdek, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan noyob qushlar shu yerga uya qo‘yib tabiiy sharoitda polaponlarini katta qiladi.
Tuzkon ko‘li nafaqat baliqchilik, balki ekoturizm va davolash maqsadlari uchun ham qulay joylashgan. Ko‘lning balchiqli loyi va sho‘r suvi shifobaxsh xususiyatga ega bo‘lib, insonlarning bo‘g‘im va teri kasalliklarini davolashda juda qo‘l keladi. Bugungi kunda yurtimizning deyarli barcha sihatgohlariga shifobaxsh balchiq Tuzkon ko‘lining aynan Zafarobod tumanidagi hududidan olib ketiladi.
Tuman arxeologik jihatdan ham juda ahamiyatli bo‘lib, hududda neolit davridan boshlab insonlar yashaganligi, baliqchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanganligi. Yovvoyi otlarni xonakilashtirish ishlarini olib borganligi, ovchilik bilan ham shug‘ullanganligi to‘g‘risidagi topilmalar mavjud.
Zafarobod tumani hududidagi qadimgi davlatchilik, unda yashagan qabilalar va elatlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni keyingi maqolalarimizda keltirib o‘tamiz...
Tolibjon ERGASHEV,
Falsafa doktori (PhD), dotsent,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi.
