Viloyat hokimi Yuqori Chirchiqda eksportbop sanoat loyihalari bilan tanishdi
2026-05-25 11:00:00 / Yangiliklar
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Yuqori Chirchiq tumanida amalga oshirilayotgan yirik sanoat loyihalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Dastlab hokim “Universal Freezing Foods” MCHJ faoliyati bilan tanishdi. “Guliston” mahallasi hududida joylashgan mazkur korxona meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va eksportga yo‘naltirish bo‘yicha to‘liq zamon talablariga mos ravishda barpo etilgan.
Yangi texnologiyalar asosida tashkil etilgan loyihaning umumiy qiymati 4 million AQSH dollarini tashkil etib, natijada 150 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.Korxonada mahsulotlarni chuqur qayta ishlash, quritish va eksportbop tayyor mahsulot tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani hududning agrosanoat salohiyatini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, korxona tomonidan 2025-yilda MDH davlatlariga 23 million AQSH dollari miqdorida quritilgan sabzavot mahsulotlari eksporti amalga oshirilgan. 2026-yilning dastlabki besh oyida esa eksport hajmi 5 million dollarga yetgani ishlab chiqarish sur’ati barqaror o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, viloyati hokimi “HUMO SAVDO PLUS” MCHJ korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi. Qiymati 4 million AQSH dollariga teng bo‘lgan mazkur loyiha yiliga 65 ming tonna qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxonada 100 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan.
Muhimi, ushbu korxona import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish bilan birga eksport salohiyatini ham kengaytirmoqda.
Korxona tomonidan yiliga 5 million dollarlik mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu hudud sanoatining tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
O‘rganish davomida hududlarda sanoatni diversifikatsiya qilish, qayta ishlash tarmoqlarini kengaytirish, eksportbop mahsulotlar ulushini oshirish va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.

