29-mart kuni Toshkentda “Avtomobilsiz kun” tadbiri o‘tkaziladi
2024-03-28 17:00:00 / Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan joriy yilning 29-mart, juma kuni Toshkent shahrida “Avtomobilsiz kun” tadbiri o‘tkaziladi.
Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston – 2030 strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi 37-son Farmoniga muvofiq amalga oshiriladi.
“Avtomobilsiz kun”ni o‘tkazishdan asosiy maqsad sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shuningdek, atrof-muhitni avtomobillardan chiquvchi zararli gazlardan himoya qilish, katta shaharlarda transport vositalari tirbandligini kamaytirish, jamoat transporti tizimini rivojlashtirish masalalariga jamoatchilik eʼtiborini qaratishdir.
Ekologiya vazirligi barchani “Avtomobilsiz kun”ga befarq bo‘lmaslikka, shaxsiy avtomobillar o‘rniga jamoat transporti, metro, velosiped kabi atmosferaga kamroq zarar yetkazadigan transport vositalaridan foydalanishga chaqiradi.