Harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish kuchaytiriladi
2025-02-25 17:00:00 / Yangiliklar

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-71-son, 24.02.2025 y.) qabul qilindi
Qarorga ko‘ra, Prezidentning ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi:
2025-yil 1-martdan harbiy xizmatchilarga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 20 foizga oshiriladi;
2025-yil 1-iyundan qonunchilik hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan ipoteka kreditlarini ajratish ko‘rsatkichlari asosida uy-joy bilan ta’minlanadigan, kalendar hisobida 10 yildan ortiq harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilarga turarjoy sotib olish (qurish) uchun ipoteka krediti olinishida ajratiladigan dastlabki badal miqdori uy-joy hisoblangan qiymatining 35 foizi miqdorida belgilanadi.
Prezidentining 2005-yil 30-iyundagi PQ–112-son qaroriga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra:
2025-yil 1-martdan yil yakunigacha Qurolli Kuchlarning kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan, amaldagi sarf-xarajatlar doirasida turarjoy bilan ta’minlanmagan oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibidagi harbiy xizmatchilariga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun:
Toshkent shahrida – BHMning 4,8 baravarigacha miqdorda;
- Nukus shahri va viloyatlar markazlarida – BHMning 3,6 baravarigacha miqdorda;
- boshqa shaharlar, tuman markazlari va aholi punktlarida – BHMning 2,4 baravarigacha miqdorda har oylik pul kompensatsiyasi to‘lovlari belgilandi.
Oila a’zolari 3 kishi va undan ortiq bo‘lgan taqdirda harbiy xizmatchilarning ushbu pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foizga oshiriladi.
2026-yildan har yili har oylik pul kompensatsiyasi to‘lovlari miqdori hududlar kesimida turarjoy ijarasining bozor narxlaridan kelib chiqqan holda, Hukumat qarori bilan belgilab boriladi.