Asosiy kontentga o'tish

Eng ta’sirli badiiy tadbir

2024-07-04 10:00:00 / Yangiliklar

Toshkent shahrida tashkil etilgan “Orzu” xayriya auksionida, zaif ko‘ruvchi va ko‘zi ojiz bolalarning taassurotlari asosida yaratilgan 20 ta AI kartina sotildi.

Joriy yilning 27-30-iyun kunlari Toshkent fotosuratlar uyida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Mehrli qo‘llar” fondi, AVO Bank va We digital marketing agentligi hamkorligida “Butunjahon yoshlar festivali” doirasida ko’zi ojiz, zaif ko‘ruvchi bolalarning taassurotlari asosida suniy intellekt yordamida yaratilgan va rassomlar tomonidan asarlarga aylantirilgan ijodiy ishlarning “Orzu” xayriya ko‘rgazmasi hamda auksion savdosi tashkil etildi.

Xayriya ko‘rgazmasining uchinchi kuni 20 ta ijodiy ishlar auksion savdoga qo‘yildi. Auksion savdoga qo‘yilgan ijodiy ishlarning barchasi 4 mln so‘mdan 20 mln so‘mgacha narxlarda yurtdoshlarimiz hamda xorijlik mehmonlar tomonidan sotib olindi va umumiy miqdorda 151,4 mln so‘m mablag‘ jamg‘arildi. Xayriya ko‘rgazmasi auksionida sotilgan ijodiy ishlar tushgan mablag‘lar ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarning ko‘rish qobiliyatini tiklash uchun operatsiyalariga yo‘naltiriladi.

O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan “Orzu” xayriya ko‘rgazmasi 3 mingdan ortiq mehmonlar tashrif buyurdi. Ular orasida Rossiya, AQSH, Turkiya, Xitoy, Avstraliya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, BAA, Kuvayt, Fransiya va Germaniyadan kelgan san’at ixlosmandlari ham bor.

Xayriya-auksioni ko‘rishda nuqsoni bor bolalarni ijodiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida yo‘lga qo‘yildi. Dastlabki bosqichda hududlardan ko‘rishda nuqsoni bor, turli yoshdagi 16 nafar bolalar, yigit hamda qizlar o‘z xohishi va ota-onalarining rizoligi asosida tanlab olindi. Ular bilan psixologlar, shifokorlar hamda jurnalistlar ishtirokida suhbat o‘tkazilib, respondentlarning dunyoqarashi, xayoloti hamda orzulari o‘rganildi.

Ushbu auksionda sotilgan ijodiy ishlar uchun Payme, Click va Payze to‘lov xizmatlari orqali mablag‘ o‘tkazish imkoniyati mavjudligi hamma uchun qulaylik yaratdi. “Orzu” xayriya ko‘rgazmasi hamda auksion savdosi haqida xorijiy mamlakatlarning ommoviy axborot vositalari va turli ijtimoiy tarmoqlarda ijoyib fikrlar bilan keng yoritildi.

 

356

Oxirgi yangilanish: 2024-07-04 11:50:14