TURKISTON MAHALLASIDA QURILISH JARAYONLARI VA AHOLI BANDLIGI MASALALARI O‘RGANILDI
2026-09-14 10:50:00 / Yangiliklar
Yangiyo‘l shahar hokimi R.Raimov Turkiston mahallasida bo‘lib, hududda tadbirkorlar tomonidan yangidan barpo etilayotgan ko‘p qavatli uy-joylarning qurilish jarayonlarini joyiga chiqqan holda o‘rgandi. O‘rganish davomida quruvchi tadbirkorlar bilan muloqot qilinib, qurilish ishlarining borishi, belgilangan vazifalarning ijrosi hamda obyektlarni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, mazkur qurilish loyihalarining mahalla infratuzilmasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlashdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Qurilish jarayonlarida mahallada istiqomat qiluvchi ishsiz fuqarolarni, ayniqsa, mehnat bozorida faol ishtirok etishni istagan yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Uchrashuv davomida kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi vazifalar ham muhokama qilindi.




