Shahar dehqon bozorida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash choralari o‘rganildi
2026-06-24 15:30:00 / Yangiliklar
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Abdihamid Kamilov Yangiyo‘l shahrida bo‘lib, shahar dehqon bozorida xizmat ko‘rsatish tizimlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda inson omilini kamaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlarini o‘rgandi.

O‘rganishlar davomida Yangiyo‘l shahar hokimi R.Raimov, shahar prokurori o‘rinbosari A.Ismoilov, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i E.Sultonov hamda tegishli tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdi. Tashrif davomida bozorda joriy etilgan elektron xizmatlar, zamonaviy boshqaruv tizimlari va raqamli yechimlarning amaliy samaradorligi muhokama qilinib, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Mazkur o‘rganishlar davlat xizmatlari va savdo infratuzilmasida ochiqlik, shaffoflik hamda samaradorlikni ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.





