Assalomu alaykum, aziz yangiyo‘lliklar, qadrli ota-onalar va yoshlar!
2026-06-13 10:45:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, aziz yangiyo‘lliklar, qadrli ota-onalar va yoshlar!
Bugun men Sizlarga shahrimiz rahbari sifatida emas, balki Sizlarning dildoshingiz, bir ota, farzandlarimiz kelajagiga befarq bo‘lmagan inson sifatida murojaat qilyapman. Bugungi kunda butun insoniyat, jumladan, bizning jamiyatimiz ham juda katta va xavfli tahdid - giyohvandlik va zahri qotil balosi bilan yuzma-yuz turibdi. Bu asr vabosi nafaqat inson sog‘lig‘ini, balki uning oilasini, kelajagini va eng achinarlisi, beg‘ubor yoshligini kuydirib kul qilmoqda.
Zamon o‘zgardi, xavf esa kuchaydi. Ilgari giyohvandlik deganda ko‘z oldimizga muayyan o‘simliklar kelgan bo‘lsa, bugungi kunda vaziyat mutlaqo o‘zgardi. Hozirgi kunda kimyoviy yo‘l bilan tayyorlanayotgan sintetik giyohvandlik vositalari va psixoaktiv dorilar (el orasida “apteka narkomaniyasi”deb atalayotgan balo) yoshlarimizni o‘z domiga tortmoqda. Bu sintetik giyohvandlik vositalari va psixoaktiv dorilar inson ruhiyati va miyasini bir necha oy ichida butunlay vayron qiladi. Eng dahshatlisi, bu zaharli moddalar virtual olam - ijtimoiy tarmoqlar va yashirin “internet-do‘konlar” orqali yoshlarimizning telefonigacha kirib bormoqda.
Qadrli ota-onalar, mahalla faollari va ziyolilar!
Farzandimizning tarbiyasini, ularning kimlar bilan do‘stlashayotganini va telefonda nimalar bilan bandligini nazorat qilmasak, ertaga kech bo‘lishi mumkin. “Mening bolam unday ish qilmaydi”, deb xotirjamlikka berilmaylik. Farzandlaringizning xulq-atvoridagi arzimagan o‘zgarishlarga ham e’tiborli bo‘ling.
Aziz yangiyo‘l istiqbollari boʻlgan yoshlar!
Sizlar - Yangiyo‘lning ertangi kuni, ota-onangizning umidi va davlatimizning eng katta boyligisiz. Sizning kuch-g‘ayratingiz, ilmingiz va intilishlaringiz bizga kerak. Hech qachon qiziqish ustida bo‘lsa ham bu zaharni tatib ko‘rmang!
Sizga “zamon bilan hamnafaslik” yoki “muammolardan qochish” niqobi ostida taklif qilinayotgan har qanday shubhali modda — bu sizning kelajagingizga qo‘yilgan minadir. Bilib-bilmay bu ko‘chaga kirib qolgan do‘stlaringiz bo‘lsa, ularni qutqaring, sir tutmang, kattalarga va mutaxassislarga xabar bering. Haqiqiy kuch va zamonaviylik — giyohvandlikda emas, balki sportda, ilmda, kitobxonlikda va IT-texnologiyalarni egallashdadir!
Aziz yangiyo‘lliklar!
Biz Yangiyo‘l shahrini “Giyohvandlikdan holi hudud”ga aylantirishimiz shart. Buning uchun huquq-tartibot organlari, tibbiyot xodimlari, ta’lim maskanlari va keng jamoatchilik bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz lozim. Shahrimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yoshlar uchun sport majmualari va to‘garaklarni yanada ko‘paytirish uchun bor kuchimizni safarbar etamiz. Keling, barchamiz birlashaylik! Farzandlarimizning porloq kelajagi, oilalarimizning tinchligi va osoyishtaligi uchun bu asr vabosiga qarshi birgalikda kurashaylik!
