“Navro‘zni ulug‘lash — insonni ulug‘lashdir!”
2026-03-24 10:30:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda Yangiyo‘l shahrining barcha mahallalarida xalq sayillari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar keng ko‘lamda tashkil etilib, yasharish va yangilanish fasli umumxalq bayramiga aylanmoqda.
Ayniqsa, shahrimiz markazida “Navro‘zni ulug‘lash — insonni ulug‘lashdir!” degan bosh g‘oya asosida o‘tkazilgan bayram tadbiri barchaga unutilmas shodumonlik bag‘ishladi. Tadbir avvalida shahar hokimi R.Raimov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etib, sharqona yilboshi yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi hamda barcha sohalar rivoji uchun qut-barakali bo‘lishini tiladi.
Shundan so‘ng, bayram sahnasida namoyish etilgan milliy raqslar, jajji bolajonlarning chiqishlari, el ardog‘idagi san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari hamda rang-barang shou dasturlar tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Navro‘z sayillari davomida milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analarimizning betakror jozibasi yana bir bor namoyon bo‘lib, bu ulug‘ ayyomning inson qalbini ezgulikka, mehr-oqibat va birdamlikka chorlovchi ruhiyati yaqqol sezildi.









