ODAM SAVDOSI — GLOBAL MUAMMO
2025-09-22 14:15:00 / Yangiliklar

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, 127 mamlakatda odam savdosi yuz berishi, 98 mamlakat tranzit (biror mamlakat orqali o‘tish) va 137 mamlakat odam savdosi manzillari deb e’tirof etiladi. “Engil yo‘l bilan juda katta boylik orttirish sharpasi turli mamlakatlardagi jinoyatchi unsurlarning birlashishiga, xalqaro jinoiy hamjamiyatlar paydo bo‘lishiga olib kelishini ko‘rsatuvchi misollar butun dunyo amaliyotida yetarli. Ularning faoliyat sohasi barchaga ma’lum: u nopok pul topish imkoni bo‘lgan hamma joyda qo‘llaniladi".
BMTning ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2 mil. 700 mingta shaxs odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Har yili 600 mingtadan 800 mingtagacha ayollar va bolalar aldov yo‘llari bilan chet ellarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.
Xalqaro ekspertlarning fikricha, odam savdosi jinoyatchiligi narkotik va qurol-yarog‘ savdosidan ham ko‘proq rivojlanib ketish ehtimoli mavjud. Yevropa Ittifoqining tashkiliy jinoyatchilik to‘g‘risidagi ma’lumotnomasiga ko‘ra, odam savdosi — bu xalqaro tijorat bo‘lib, yiliga 8,5 dan 12 milliard yevrogacha daromad keltiradi. Odam savdosiga duchor bo‘lgan jabrlanuvchilar o‘z xo‘jayinlari uchun ishlab berishga majburdirlar va ular inson huquq va erkinliklaridan mahrum etiladilar. Bundan inson huquqlari bo‘yicha universal shartnomalardagi mavjud huquqiy kafolatlar ba’zan o‘z ifodasini topmayottanligini ko‘ramiz.
Bugungi kunda transmilliy jinoyatchilikning eng xavfli turi odam savdosiga qarshi kurashning xalqaro va milliy darajadagi tashkiliy-huquqiy mexanizmini ilmiy asosda atroflicha tahlil qilish monitoringini olib borish lozim. Mavjud muammolarni aniqlash va amaliyot ehtiyojlariga muvofiq keladigan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqib, tegishli davlat organlariga havola qilish kerak. Ma’lumki, odam savdosi nihoyatda rivojlanib borayotgan jinoiy industriyaga aylanib qolmoqda. Bu esa, dunyo hamjamiyati huquq-tartiboti, tinchligi va xavfsizligi uchun jiddiy xavf solmoqda. Odam savdosi kriminal faoliyati rivojlanib borishining asosiy omillaridan biri — bu amaldagi xalqaro huquqiy mexanizmlar samaradorligining yetarli emasligidadir. Odam savdosiga qarshi kurash sohasidagi asosiy xalqaro huquqiy hujjatlar barcha davlatlar, ayniqsa, odam savdosiga ko‘proq jalb qilingan mamlakatlar tomonidan ratifikatsiya qilinmaganligi, mazkur hujjatlar ijrosi ustidan samarali xalqaro milliy nazorat mexanizmlarining yaxshi faoliyat qo‘rsatmayotganida deb baholanmoqda. Ba’zi davlatlarning milliy-huquqiy mexanizmlarida odam savdosi tushunchasi shakllanmasdan, shunchaki odam savdosi uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi bilan cheklanganligi ham odam savdosini bartaraf etishga salbiy ta’sir ko‘rsatmokda.
BMTning 2000 yil 15 noyabrdagi rezolyusiyasi bilan qabul qilingan “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida" gi Konvensiyasini to‘ldiruvchi "Odam savdosining, ayniqsa ayollar va bolalar savdosining oldini olish va unga chek qo‘yish hamda uning uchun jazolash to‘g‘risida»gi qo‘shimcha bayonnomasida “Odamlar savdosi" tushunchasi ilk bor o‘zining rasmiy izohiga ega bo‘lgan edi. 2003 yil 12 dekabrda BMTning 1950 yilda qabul qilingan “Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash to‘g‘risida"gi Konvensiyaga davlatimiz qo‘shildi.
2008 yil 8 iyulda “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan, mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashishni samarali tashkil etish maqsadida 2008-2010 yillarga mo‘ljallangan Milliy Reja tuzilib, tegishli davlat organlari va jamoat tashkilotlari ish olib borishmoqda. Ammo shunday bo‘lishiga qaramasdan, bugun xalqaro maydonda odam savdosi jinoyatchiligi avj olib borishini nazarda tutib, bu xalqaro muammoning oldini olishda faqatgina bir davlat hududida emas, balki xalqaro hamjamiyat hamkorligida tadbirlar olib borish lozim.
Ba’zi mamlakatlarda Konvensiyalar ratifikatsiya qilinishiga qaramasdan, qog‘ozda qolib ketyapti, oqibatda ratifikatsiya qilingan shartnomalar amaliyotda o‘z samarasini bermayapti. Natijada, tergov materiallarida shaxsi aniqlanmay qolayotgan jinoiy guruh a’zolarining jazodan qutilib qolayotgani oqibatida transmilliy uyushgan jinoyatning ildiziga yetib borilmayapti. Shu nuqtai nazardan odam savdosi jinoyatchiligiga qarshi kurash olib borayottan xodimlar va tashkilotlar uchun xalqaro-huquqiy hujjatlar tizimini o‘rganish, zamonaviy bosqichda vujudga kelayotgan tashkiliy-huquqiy muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishda ko‘maklashuvchi ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalardan xabardorligini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar rejalashtirilib borilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Yurtboshimizning quyidagi fikrlari orqali o‘z xulosamizni chiqarmoqchimiz. «O‘zbekistonda, shubhasiz, jinoyatchilikning sabablarini aniqlash choralari ko‘rilmoqda, fosh etilgan korrupsiyachilar qattiq jazolanmoqda Mamlakat ichidagi jinoyatchilik doimo davlat tomonidan qattiq nazorat qilib boriladi. Jinoyatchilik keng avj olib ketishiga va korrupsiyachilar domiga ilingan amaldorlarning beboshligiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bir qator uzoq muddatli chora-tadbirlar ishga solingan. Ular jinoyatchilikka qarshi kurash strategiyamizni belgilab beradi».
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Yangiobod tuman sudining raisi T.Eshonqulov

