Reabilitatsiya etilgan shaxsga yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash tartibi qanday?
2025-06-13 15:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 304-moddasiga muvofiq reabilitatsiya etilgan shaxs o‘ziga nisbatan sodir etilgan qonunga xilof harakatlar natijasida mahrum bo‘lgan ish haqi va mehnatdan topiladigan boshqa daromadlar, pensiya va nafaqalar, basharti ularni to‘lash to‘xtatib qo‘yilgan bo‘lsa, pullar, pul jamg‘armalari va ularga to‘lanadigan foizlar, davlat zayomi obligatsiyalari va ularga chiqqan yutuqlar, aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar, shuningdek sudning hukmi, ajrimiga (qaroriga) asosan musodara qilingan yoxud davlat foydasiga o‘tkazilgan ashyolar yoxud boshqa mol-mulkning qiymati, surishtiruv, dastlabki tergov organlari yoki sud tomonidan olingan va yo‘qotilgan mol-mulk qiymati, sud hukmini ijro qilish chog‘ida undirilgan jarimalar va sud chiqimlari, yuridik yordam ko‘rsatilishi uchun shaxs tomonidan advokatlar byurosiga, hay’atiga yoki firmasiga to‘langan pul, shuningdek unga nisbatan sodir etilgan qonunga xilof harakatlar natijasida qilingan boshqa xarajatlar qoplanishi lozim bo‘ladi.
Jinoyat-protsessual kodeksi 83-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra chiqarilgan oqlov hukmida yoki ishni tugatish haqidagi ajrimda sud, ishni tugatish to‘g‘risidagi qarorda esa surishtiruvchi, tergovchi, prokuror reabilitatsiya etilgan shaxsning o‘ziga yetkazilgan mulkiy ziyonni undirib olish huquqini e’tirof etishlari lozim. Hukm, ajrim yoki qarorning nusxasi reabilitatsiya etilgan shaxsga topshiriladi yoki pochta orqali yuboriladi. Ayni vaqtda unga hukm, ajrim yoki qaror ustidan shikoyat qilish tartibi, shuningdek mulkiy ziyonni qoplash va boshqa huquqlarini tiklab olish tartibi tushuntiriladi.
Reabilitatsiya etish to‘g‘risida qaror chiqargan sud, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi reabilitatsiya etilgan shaxsdan ariza tushgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmasdan ziyon miqdorini aniqlaydi, zarurat tug‘ilganda buning uchun moliya organlaridan va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limlaridan hisob-kitob talab qilib oladi. Ish apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish tartibida ko‘rish chog‘ida sud tomonidan tugatilgan bo‘lsa, ziyon miqdorini hukm chiqargan sud aniqlaydi.
Mulkiy ziyonning miqdori hisoblab chiqarilganidan keyin bu ziyonni qoplash uchun pul to‘lovlarini amalga oshirish to‘g‘risida sud ajrim, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror qaror chiqaradi. Ajrim yoki qarorning nusxasi gerbli muhr bilan tasdiqlanib, to‘lovni amalga oshirishi lozim bo‘lgan organlarga taqdim etish uchun reabilitatsiya etilgan shaxsga beriladi yoki yuboriladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Yangiobod tuman sudining raisi
B.Mamadaminov
